Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Rossiyadagi yurtdoshlarimiz huquqlarining taʼminlanishi holatini o‘rganmoqda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi vakillari amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turishibti.

Ombudsman tashrifidan ko‘zlangan maqsad - musofirchilikda o‘zga yurtlarda mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz yashayotgan va ishlayotgan obyektlarga borib, ular bilan suhbatlashib, o‘zbekistonliklarning yashash, ishlash va tibbiy xizmatdan foydalanish holatlarini o‘rganishdan iborat.

Joriy yilning 17 may kuni Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidovlar Rossiya Federatsiyasi Prezidenti maslahatchisi, Prezident huzuridagi Inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Kengashi raisi Valeriy Fadeyev hamda Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkovalar bilan uchrashib, tashqi migrantlar huquqlarini taʼminlash, ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish borasida istiqboldagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olishdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik Memorandumi doirasida Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva shahridagi migrantlarni vaqtincha saqlash markazi, shuningdek, Saxarovo qishlog‘ida joylashgan "Moskva ko‘pfunksiyali migratsiya markazi"da bo‘lib, o‘zbekistonlik migrantlar qabulini o‘tkazishdi. Hamkorlikda tashkil etilgan qabul jarayonida 20 nafardan ortiq mehnat migrantlarining murojaatlari qabul qilindi va zarur hollarda ularning huquqlarini taʼminlash borasida huquqiy maslahatlar berildi.  

Qayd etish lozimki,  Feruza Eshmatova Rossiyaga amaliy tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari" mavzusidagi O‘zbekiston - Rossiya forumida ham ishtirok etadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati