Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
"O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari" mavzusidagi O‘zbekiston - Rossiya forumi tafsilotlari
Joriy yilning 21 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Inson xuquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari” mavzusidagi O‘zbekiston - Rossiya forumi bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumki, bugungi kunda tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish, uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish har bir mamlakat oldida turgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Migratsiya masalalari, ayniqsa, oxirgi o‘n yillikda jahon hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotgan mintaqaviy va mahalliy nizolar, ishsizlik, qashshoqlik kabi muammolar zamirida yana-da ahamiyatli bo‘lib bormoqda. BMT maʼlumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyoda 250 milliondan ortiq shaxs migratsion jarayonlarning ishtirokchisi hisoblanadi.

Mamlakatimizda migrantlar huquqlarini kafolatlash yuzasidan qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish maqsadida 10 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xususan, 2020 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi vakolatli organlar faoliyatini takomillashtirish, chet elda ishlashni istagan shaxslarni o‘qitish, chet elda bo‘lish paytida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, ish bilan taʼminlash, shuningdek qaytib kelgan mehnat muhojirlari, ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarori qabul qilindi. Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida jamiyat, davlat va inson manfaatlariga daxldor migratsiya masalalarini hal etish, sohadagi munosabatlarning barqarorligini taʼminlash, migrantlar huquqlariga oid xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish nazarda tutuvchi “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ishchi kuchi harakatlanishi jarayonini tartibga solish bo‘yicha bir qator hukumatlararo bitimlar amal qiladi, ayniqsa, respublika fuqarolarini RF hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan tarzda ishga yollash va jalb qilish ishlari ustuvor ahamiyatga ega. Bunda asosiy eʼtibor xorijiy ish beruvchilarning mehnat sharoitlari va ish haqi, ijtimoiy paket va boshqa muhim mezonlar ko‘rsatilgan oldindan beriladigan buyurtmalari asosida xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan tarzda yollash va jalb qilishga har tomonlama ko‘maklashishga yo‘naltirilgan.Shu maqsadda 2017 yildan boshlab ikki davlatning mehnat vazirlari boshchiligidagi O‘zbekiston – Rossiya ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda.

Forumda so‘zga chiqqan Rossiya tomoni O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi ishtirokchilarining huquqlarini kafolatlash bo‘yicha Davlat rahbari boshchiligida amalga oshirilgan islohotlarni ijobiy baholab, pandemiya davrida davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik natijasida O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda Rossiyada ishga jalb qilish, xususan, mamlakat hududiga kirish va ishlash uchun ruxsat olish, mehnat migrantlarini tashkillashtirilgan holda jo‘natish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilganini qayd etishdi.

O‘zbekiston tomoni esa davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida O‘zbekistonda migratsiya masalalariga munosabat tubdan o‘zgarganligini, migrantlar huquqlarini himoya qilish borasida mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar hamda O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlarining o‘zaro hamkorligiga to‘xtalishdi.

Xalqaro forum davomida mehnat migratsiyasi sohasini yana-da takomillashtirish va O‘zbekiston-Rossiya hamkorligini yana-da rivojlantirish, migratsiyani boshqarish va migrantlarni himoya qilish sohasidagi zamonaviy tendensiyalar muhokama qilindi hamda mehnat migrantlari huquqlarini taʼminlash mexanizmini yana-da takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek, har ikki mamlakat tomoni migratsiya sohasida yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)