Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil choralarni qo‘llash masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 25 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda “Xalqaro qamoqxonalar islohoti” xalqaro tashkiloti (Penal Reform International)ning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda sudyalar uchun sud ishlarini yuritish amaliyotida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil choralarni qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

2020 yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va “Xalqaro qamoqxonalar islohoti” xalqaro tashkiloti (Penal Reform International)ning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, uning doirasida mamlakatimizdagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillari, davlat organlari va tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining malakasini oshirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mazkur treningda Xalqaro qamoqxonalar islohoti moliyaviy ko‘magida tayyorlangan Markaziy Osiyo davlatlarida sud-huquq ustuvorligini mustahkamlash loyihasi doirasida tayyorlangan uslubiyatning mazmun-mohiyati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va tuman sudlarining sudyalar hamda Ombudsman Kotibiyati xodimlari tanishtirildi.

Ushbu metodologiyada sudyalar uchun sud ishlarini yuritish amaliyotida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil choralarni qo‘llash masalalari o‘z aksini topgan. Ushbu qo‘llanmada qayd etilishicha ozodlikdan mahrum qilish - eng ko‘p ishlatiladigan jazo turlaridan bo‘lib, uni qo‘llash qator salbiy holatlarni, jumladan, mahkum oilasining moddiy ahvoliga, oilalarning parchalanishiga, shuningdek, shaxslarning jinoiy xatti-harakatlarga oid ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga, jinoyatning takrorlanishiga olib kelishi mumkin.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ozodlikdan mahrum etilgan, ozodligi cheklangan yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan sud jazoning o‘talmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirishi mumkin. Jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish muayyan jazo turlari uchun o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan mahkumlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Tadbirda qayd etilishicha, mamlakatimizda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish, probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratilgan va bu orqali nazorat ostidagilar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishi kamayishiga erishilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimidagi ushbu islohotlar xato qilgan shaxsga yana bir bor imkoniyat berish orqali uni yana oilasi bag‘riga qaytarish, uning xulq-atvoridagi nuqsonlarni bartaraf etishga ko‘maklashish va jamiyatga moslashtirishga xizmat qilayotganini qayd etdi. Uning fikriga ko‘ra, zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda joriy etilgan bunday amaliyot jinoyat sodir etgan shaxsni maqsadli tarbiyalash va uning xulqini tuzatishda ijobiy natijalarga erishishni taʼminlaydi.

Xalqaro tadbir davomida ishtirokchilar sud ishlarini yuritishda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil choralarni qo‘llash bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiyat bilan tanishish bilan birga uni takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati