Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Misr Parlamenti aʼzolari bilan uchrashdi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Misr Senatining inson huquqlari va ijtimoiy birdamlik qo‘mitasi raisi, senator Muhammad Ahmad Abdusalom Xaybat bilan uchrashishdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama, xususan, parlamentlararo munosabatlarni kuchaytirish borasida muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Aliya Yunusova o‘z navbatida Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik munosabatlar chuqurligini va tashriflar almashuvining muhimligini taʼkidlab, hamkorlik istiqbollarini ochuvchi ikki mamlakat parlamenti o‘rtasida doimiy aloqa mavjudligini qayd etdi.

O‘zbekiston tomon Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Mehr” operatsiyalari orqali o‘z vataniga qaytarilgan fuqarolarni yana jamiyatga moslashib ketishlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, bola huquqlarini taʼminlash bo‘yicha Prezident Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, hozirda Misrda taʼlim olayotgan o‘zbekistonlik  yoshlar, shu jumladan, bolalar huquqlarini himoya qilish, ularni diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy tasiridan himoyalash buyicha ham fikr almashildi.

Muhokamalar davomida Misr Senatining Inson huquqlari va ijtimoiy birdamlik qo‘mitasi va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) o‘rtasida inson va bola huquqlarini taʼminlash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olindi va Muxammad Xaybat janoblari O‘zbekistonga taklif etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati