Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qiynoq holatlarini aniqlash tizimi takomillashtirildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-iyun kuni “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan quyidagilar qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar etib belgilandi:

  • qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirish;
  • harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga yuborilgan murojaatlarning muassasa ma’muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilmasligini hamda qabul qiluvchiga zudlik bilan yuborilishini qat’iy ta’minlash;
  • qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarning tezkor va xolisona ko‘rib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish;
  • qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini ta’minlash;
  • qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish hamda ularning davlat organlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash;
  • qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha faoliyat natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi ekspert guruhi negizida ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Quyidagilar ushbu guruhlarning asosiy vazifalaridan etib belgilandi:

  • gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasalarida (keyingi o‘rinlarda — harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar) qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish;
  • harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlash shart-sharoitlarini o‘rganish va ular yuzasidan axborotlarni jamoatchilikka e’lon qilib borish;
  • qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish;
  • qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish va boshqalar.

Jamoatchilik guruhlari tarkibiga Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ekspertlari, tibbiyot xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari jalb qilinadi. Bunda ularning monitoring tashriflarini amalga oshirish uchun kasbiy malakasi va amaliy bilimlarga ega bo‘lishi hamda gender tengligini ta’minlash hisobga olinadi.

Ombudsman tomonidan har yili 15-martga qadar Oliy Majlis palatalariga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’ruza taqdim etadi va uni OAVdada e’lon qiladi.

 

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarning ma’muriyati Jamoatchilik guruhlariga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar bilan moneliksiz va holi uchrashishi hamda suhbatlashishi, shuningdek, tegishli hujjatlar bilan tanishishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydi.

Qaror bilan kelgusi yilga qadar harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga joylashtirilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini shakllantirish rejalashtirilgan.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan qiynoqlar bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali murojaat qilish amaliyoti takomillashtiriladi.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Ombudsman va Tashqi ishlar vazirligi birgalikda ikki oy muddatda BMTning “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi Konvensiyasi Fakultativ protokoli”ga (Nyu-York, 2002-yil 18-dekabr) O‘zbekistonning qo‘shilishi masalasi bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Uch oy muddatda qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibi ishlab chiqiladi.

Tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish uchun javobgarlik belgilovchi normalari BMTning “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi Konvensiyasi” (Nyu-York, 1984-yil 10-dekabr) talablariga muvofiqlashtiriladi.

Parlamentga Ombudsmanning qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha ish faoliyati ko‘lami ortishini inobatga olib, Ombudsman Kotibiyati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etildi.