Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Aliya Yunusova: Bolalar oilalarga tegishli, “Mehribonlik” uylariga emas
Joriy 29 iyun kuni «Har bir bola oilaviy muhitda tarbiyalanishini taʼminlash maqsadida noinstitutsionallashtirish Milliy strategiyasini yaratishning dolzarb masalalari” mavzusida Oliy Majlis Senati, YUNISEF va qator hamkor tashkilotlar tomonidan noinstitutsionllashtirishni tezlashtirish bo‘yicha birinchi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi internat muassasalarida yashovchi bolalarning ulushi shu yoshdagi aholining har 100 ming kishisiga 255 tani tashkil etadi, bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir (100 mingga 120 bola).

O‘zbekiston noinstitutsionallashtirish siyosatini ishlab chiqdi va tegishli harakatlar rejasini qabul qildi. Biroq, yirik internat muassasalari so‘nggi chora emas, balki muqobil parvarishning eng asosiy ko‘rinishi bo‘lib qolmoqda. Institutsionllashtirish darajasi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

O‘zbekistondagi bolalarga institutsional g‘amxo‘rlikdan ular oila va jamiyat muhitida o‘sishlari uchun yo‘lni belgilab olish maqsadida tashkil etilgan seminarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova ham ishtirok etdi. Aliya Tuygunovna o‘z so‘zini “Bolalar oilalarga tegishli, “Mehribonlik” uylariga emas” deya boshladi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga  yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar...” deb belgilab qo‘yilganiga ishtirokchilar eʼtiborini qaratdi. Shuningdek, u “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida davlat bolaning oilada bo‘lishiga to‘sqinlik qiluvchi sharoitlarni bataraf qilish, bola oilasidan ajratilgan hollarda esa uni oilasiga tezroq qaytarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishi haqidagi norma mavjudligini qayd etdi va bolalarning “Mehribonlik uy”larida institutlashtirilgan holda tarbiya olishining qator salbiy oqibatlarini sanab o‘tdi.

Institutlashtirish bolalarning sog‘lig‘i va rivojlanishi (ruhiy va jismoniy rivojlanishi)ga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Bu salbiy taʼsir bolalar muassasalari barcha talablarga javob bergan va yaxshi moliyalashtirilgan taqdirda ham, kuzatilishi mumkin.

Institutlashtirish bolalarning sog‘lig‘i va rivojlanishi (ruhiy va jismoniy rivojlanishi)ga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Bu salbiy taʼsir bolalar muassasalari barcha talablarga javob bergan va yaxshi moliyalashtirilgan taqdirda ham, kuzatilishi mumkin.

Institutlashtirishning yana bir salbiy tomoni - tajovuzlar xavfining yuqori ekanidir. Ko‘pgina tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalangan barcha yoshdagi bolalar juda ko‘p tajavuzlarni boshdan kechirishadi. Jumladan, ular jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlikning yo‘qligi, shuningdek, odam savdosi yoki ekspluatatsiyaning boshqa ko‘rinishlaridan aziyat chekish xavfi ostida bo‘lishadi. Bolalar muassasalarida jamiyat ko‘zidan panada sodir bo‘layotgan holatlar ustidan doimiy nazorat va kuzatuv olib borish deyarli imkonsiz. “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalari bino hamda hududlarining videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishi yuzaki choralar hisoblanadi. Muammoni faqatgina vasiylikning oilaviy shakllari hamda tutingan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari yo‘li bilan hal etish mumkin.

Institutsionalizatsiya bitiruvchilarga balog‘atga yetganidan keyin ham muammolarni keltirib chiqarishda davom etadi. “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarining to‘satdan katta hayotga o‘tishi qiyin kechadi. Ularning ijtimoiy yakkalanib qolishi, uysiz va ishsiz bo‘lib qolishi, jinoyatchiga aylanishi, ruhiy salomatligining buzilishi va ular hattoki o‘z joniga qasd qilishgacha borishi mumkin.

Ko‘plab oilalarda bolalar odatda ovqat tayyorlash, kir yuvish, oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni sotib olish hamda boshqa shu kabi mayda-chuyda ishlarni o‘zlari qiladilar va bu borada mustaqil qaror qabul qila oladilar, biroq bolalar uylarida bu kabi ishlarni boshqalar ular uchun qilib berganlari sababli ularda boqimandalik kayfiyati paydo bo‘ladi. Mustaqil hayot ko‘nikmalari mavjud bo‘lmagani natijasida ular jamiyatdagi mustaqil hayotga tayyor bo‘lmagan holda chiqariladi.

Yana bir holat. Bolalar uylari davlat budjetiga juda qimmatga tushadi. Ish haqi jamg‘armasi, kommunal xizmatlar va bolalar uyining binolarini saqlash xarajatlari. Moliyaviy xarajatlar bir taraf, lekin maʼnaviy zararni taqqoslash qiyin. Bolalar uylari jamiyatga juda qimmatga tushadi, chunki biz yopiq muassasalarda bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining ruhiyatini va rivojlanishini buzmoqdamiz. Agarda yetimxonalardan asta-sekinlik bilan voz kechilib, «ozod qilingan» insoniy va moliyaviy resurslarni professional vasiylik va homiylikni rivojlantirishga yo‘naltirsak, bolalarni oilalarga tarbiyalash uchun joylashtirish orqali byudjetdan soliq to‘lovchilarning pullari kamroq sarflangan bo‘lardi.

Bolalar uylarini yopish zarurligi haqida gap ketganida, birinchi navbatda oilalarning ajralib ketishiga barham beradigan ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish hamda o‘z oilalari bilan yashay olmaydigan bolalarga munosib muqobil takliflarni taqdim etish zarur.

Ikkinchidan, insoniy va moliyaviy resurslarni qayta yo‘naltirgan holda bolalarni bosqichma-bosqich muassasalardan ularning ehtiyojlariga ko‘proq mos keladigan vasiylikning oilaviy shakllariga o‘tkazish zarur. Eng asosiysi — yetimlik oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olish, himoyaga muhtoj oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda inklyuziv (uyg‘unlashgan) rivojlanishga ko‘maklashish zarur.

Tadbir davomida milliy tashkilotlar, shuningdek xalqaro ekspertlar O‘zbekistondagi bolalarni parvarishlash tizimini isloh qilish sohasidagi vaziyatni muhokama qildilar. Tadbir ishtirokchilari bolalar parvarishining zamonaviy tizimini ishlab chiqish bo‘yicha eng ilg‘or xalqaro va milliy tajriba hamda bu sohadagi saboqlar bilan o‘rtoqlashdilar.

“O‘z oilalari va qarindoshlari bolalarga g‘amxo‘rlik qilganida ular gullab-yashnashi hamda institutsionllashtirish naqadar ziyonli ekani haqida YUNISEF ishonchli maʼlumotlarga ega. Bolalar hamjamiyatlarda ulg‘aysa, ularning barcha rivojlanish natijalari sezilarli darajada yaxshiroq bo‘lishini bilamiz. Institutsional parvarishni qo‘llashni so‘nggi chora deb biladigan hamda eng muhtojlar, jumladan uch yoshdan kichik va nogironligi bo‘lgan farzandlarni o‘stirayotgan oilalarga qaratilgan ijtimoiy xizmatlarning keng ko‘lamini yaratishni nazarda tutadigan bolalar parvarishining zamonaviy tizimini barpo etishda Hukumatni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, - dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. 

Xalqaro darajada bolalarni parvarish qilish sohasi katta muassasalar o‘rniga oilaviy va jamoatchilik asosida bir qator xizmatlar ko‘rsatish sari o‘zgarmoqda. Shu bois tadbir ishtirokchilari O‘zbekistoda noinstitutsionllashtirish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdilar.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati