Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman mamlakat yoshlarini bayram bilan tabriklaydi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) jamoasi 30 iyun — Yoshlar kuni bilan mamlakatimizdagi barcha yosh o‘g‘il qizlarni chin ko‘ngildan muborakbod etadi.

Mamlakatimiz aholisining 60 foizidan ortig‘ini yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlar mazmun jihatidan bevosita yoshlarga naqadar daxldor ekanini anglaymiz.

Albatta hozirda yoshlarga har tomonlama eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Bunga javoban turli sohalarda shijoat bilan ishlab, o‘zining ijodiy va intellektual salohiyati, ijtimoiy hayotda erishgan muhim natijalari bilan yurtimiz ravnaqiga, uning xalqaro obro‘-eʼtiborini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan yoshlar sonining ortib borayotgani ham maqtovga loyiq.

Qolaversa, koronavirus pandemiyasi sharoitida, o‘z sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, og‘ir vaziyatlarda ming-minglab o‘g‘il-qizlar chinakam mardlik va jasorat ko‘rsatib, barcha tengdoshlariga o‘rnak bo‘ldilar. Mana shunday sinovli kunlarda tashabbus ko‘rsatib, yordamga muhtoj insonlarga chin ko‘ngildan xizmat qilgan ko‘ngilli yoshlarning borligi mamlakat kelajagiga ishonch tuyg‘usini oshiradi.

Taʼkidlash joizki o‘qish, o‘z ustida ishlash, izlanish, doim o‘z bilimi va salohiyatiga tayanish – barcha mamlakat yoshlarining asosiy vazifasidir. O‘zbekiston kelajagining qanchalik porloq bo‘lishi, unda inson huquq va manfaatlarining kafolatlanishi ertaga tayinlangan yosh kadrlarning adolat tamoyillari asosida ishlashiga bog‘liq. Shunday ekan, ko‘proq bilim olishga intilib, yangi innovatsion texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalaringizni shakllantirgan holda kelajakda munosib o‘ringa ega bo‘lishingizni tilab qolamiz!

Aziz yoshlar! Sizlarni yana bir bor bayram bilan tabriklaymiz, kelgusi o‘qish va mehnat faoliyatingizda omad tilaymiz. Mustahkam salomatlik, sog‘lom fikr, aql-idrok, toza vijdon, kuch-g‘ayrat va shijoat doim hamrohingiz bo‘lsin!

Hurmat bilan Ombudsman jamoasi!