Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Toshkentdagi Vebster universiteti talabalari Ombudsman faoliyati bilan tanishtirildi
Joriy yilning 30 iyun kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ofisiga Janubiy Kaliforniya universitetining dotsenti Stiv Mark Sverdlov va Toshkentdagi Vebster universiteti talabalari tashrif buyurishdi.

Uchrashuv davomida talabalar Ombudsman faoliyati va mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi. Jumladan, qiynoqqa solish holatlarini oldini olish borasida mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, Ombudsman huzuridagi Milliy preventiv mexanizm faoliyati va monitoring tashriflarining amaliy natijalari, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kuni kecha imzolangan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi.

Davra suhbati savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida o‘tkazildi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi. Ushbu davra suhbati orqali ishtirokchilar Ombudsmanning vakolatlari va unga kelib tushayotgan murojaatlar, inson huquqlarining kafolatlanishi borasidagi O‘zbekiston tajriba haqida ko‘plab maʼlumotlarga ega bo‘lishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot kotibi