Monitoring guruhi avvalo Maxsus qabulxona va Vaqtincha saqlash hibsxonasida ushlab turilgan shaxslarning yashash sharoitlari bilan tanishib chiqdi. Bir so‘z bilan aytganda u yerda shaxslarni ushlab turish uchun barcha shart-sharoitlar va saqlash tartibi to‘liq ko‘zdan kechirildi. Maxsus qabulxona va Vaqtincha saqlash hibsxonasi yangi qurilgan binoda joylashgan. Ularda shaxslarni ushlab turish uchun amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilingan.
Monitoring davomida Maxsus qabulxonada va Vaqtincha saqlash hibsxonasida ushlab turilgan shaxslar bilan sanitariya-gigiyena va karantin qoidalariga amal qilingan holda suhbatlar o‘tkazildi. Suhbatlar davomida qiynoq holatlari yuzasidan murojaatlar kelib tushmadi. Tashrif davomida maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganligi uchun maʼmuriy qamoqqa olingan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev bilan ham alohida suhbat o‘tkazildi.
Bloger F.Orifxo‘jayev bilan o‘tkazilgan suhbatda, u ichki ishlar xodimlarining chaqiruviga ko‘ra ichki ishlar bo‘limiga kelganligini, xodimlar u bilan yaxshi gaplashganliklarini, keyinroq uni haqorat qilishganligini hamda surishtiruv tugaganidan so‘ng yaqin qarindoshlariga telefon qilishga imkon berilmaganligini, biroq surishtiruv vaqtida va Maxsus qabulxonada yoki Vaqtincha saqlash hibsxonasida jismoniy qiynoqlar bo‘lmaganligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra ukasi bilan telefon orqali gaplashganda bu yerda qattiq zulm bo‘lmoqda degan va shu sababli yaqinlari tomonidan unga nisbatan qiynoq qo‘llanilganligi haqida shikoyatlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin dedi.
Ichki ishlar xodimlari F.Orifxo‘jayevni haqorat qilib, yaqin qarindoshlari bilan telefon orqali suhbatlashishiga imkon bermaganlik holatlarini faqatgina surishtiruv va tergov harakatlari o‘tkazish orqali aniqlash mumkinligini inobatga olib, ushbu holatga huquqiy baho berish uchun Ombudsman tomonidan Bosh prokuraturaga nazorat xati yuborildi. Natijasi yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot beriladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati