Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Aliya Yunusova: Oilada bolalarga g‘amxo‘rlik qilishning imkoni bo‘lmagan hollarda davlatning roli kuchaytirilishi zarur
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 avgustdagi “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 490-son qarori ijrosini taʼminlash borasida vazirlik va idoralarning vazifalari amalga oshirish tartibi bo‘yicha axboroti”ga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Bola huquqlari bo‘yicha vakil, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Xalq taʼlimi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvatlash, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi vakillari ishtirok etdi.

Barchamizga maʼlumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyul kuni nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda ijtimoiy nafaqalarni takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda voyaga yetmaganlar o‘rtasida tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish, ular tomonidan huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish, bu yo‘nalishda masʼul bo‘lgan davlat organlari, jamoat tashkilotlari va voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish va yana-da takomillashtirish borasidagi vazifalarni belgilab berdi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 490-son qarori (2021 yil 3 avgust) O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilish, ular tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish, bolalarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish samaradorligini oshirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash borasida muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda bolalar muammolari bilan bir qancha davlat organlari va nodavlat tashkilotlar faol shug‘ullanmoqda. Natijada ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, kam taʼminlangan oilalar farzandlarini ijtimoiy himoyalash darajasi yaxshilanishiga erishilmoqda. Ayniqsa, bolalarning taʼlim-tarbiyasi, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, huquqlari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, moddiy, tibbiy yordam ko‘rsatish borasida olib borilayotgan tadbirlar yaxshi samara bermoqda.

Bola oilada tug‘iladi va o‘z navbatida, bolaning qanday oilada tug‘ilganligi uning keyingi taqdirini belgilaydi -deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova

Oila bolani o‘rab turgan eng yaqin muhit hisoblanadi va ayni shu oila bolaning kamolotiga taʼsir ko‘rsatadigan kuchdir. Har bir bolaning, shu jumladan, yetim va ota-ona qarovisiz qolgan bolalarning huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish, ularning farovonligini taʼminlash uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib berish fuqarolik jamiyatining tabiiy asosi va muhim shartidir.

Afsuski, muammoli, ehtiyojmand yoki ijtimoiy ahvoli og‘ir oilalar hamma jamiyatda ham uchraydi. Oilaning parchalanib, parokanda bo‘lishi, yetarlicha g‘amxo‘rlik qilinmasligi singari omillar esa, farzandlar tarbiyasiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Oilada bolalarga g‘amxo‘rlik qilishning imkoni bo‘lmagan hollarda davlatning roli kuchaytirilishi zarur.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, yurtimizning ertangi taqdiri ko‘p jihatdan bugungi avlodning taʼlim-tarbiyasi, maʼnaviy kamolotiga bog‘liq. Shu boisdan ham, voyaga yetmaganlarga eʼtibor masalasiga davlat siyosati darajasida qaralmoqda.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati