Aniqlanishicha, ushbu muassasada saqlanadigan jami 400 ga yaqin mahbus va mahkumlarning 32 nafari ayollarni tashkil etadi. Hibsxonada ayollar saqlanadigan kameralar alohida ajratilgan bo‘lib, ular ayol xodimlar tomonidan qo‘riqlanadi.
Mazkur kameralar ko‘zdan kechirilganda bir qancha mahbuslar iltimosiga ko‘ra, ular Ombudsman tomonidan shaxsan qabul qilindi. Yakkama-yakka tartibda o‘tkazilgan qabullarda qamoq ehtiyot chorasini o‘zgartirish, sudda Ombudsman xodimlari ishtirokini taʼminlash hamda mahbus va mahkumlarning oila aʼzolariga moddiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalar bo‘yicha yordam so‘raldi.
Ombudsman vakillaridan iborat guruh qisqa muddatli uchrashuv, telefon so‘zlashuv honalari, oshxona, kutubxona va sudlarda onlayn ishtirok etish imkonini beruvchi onlayn konfereniya xonalarini ko‘zdan kechirdi va bir qator kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi
Keyingi manzil Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi 39-son Manzil-koloniyasi bo‘ldi. Ushbu obyektda mahkum va mahkumalar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganish maqsadida ular bilan suhbatlashilganda mazkur muassasa haqida faqat ijobiy fikrlar bildirildi. Mahkum va mahkumalarning so‘zlariga ko‘ra, manzil-koloniyada ko‘proq ularni kasbga o‘rgatish va yangi adabiyotlar bilan taʼminlash orqali saqlanayotgan shaxslarning maʼnaviy va huquqiy salohiyatini oshirishga eʼtibor qaratiladi. Nisbatan erkin, maxsus formada yurish talab etilmaydigan, telefondan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lgan muassasada mahkum va mahkumalarning yaqin qarindoshlarining uchrashishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Hududda bolalar maydonchasi ham qurilgan. Mahkumlarning o‘zlari ham sharoitlar yildan yilga yaxshilanayotganini bildirishdi. Kutubhonada ishlovchi homilador mahkuma bilan so‘zlashilganda ishi og‘ir emasligi va har oyda 2 marotaba poliklinikada shifokor ko‘rigidan o‘tishini qayd etdi.
Manzil koloniyada keksa yoshdagi va bemor mahkum va mahkumalar ishga jalb qilinmaydi. Qolganlar esa shartnoma asosida zavod va fabrikalarga borib ishlashlari mumkin.
Shu kunning o‘zida Kattaqo‘rg‘on shahri va Tаyloq tumanidagi IIB vaqtincha saqlash hibsxonalariga ham monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ikki kunlik xizmat safari davomida 20 ga yaqin muassasalar ko‘zdan kechirilgan bo‘lsa, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishini nazoratga olish Ombudsmanning Samarqanddagi mintaqaviy vakili Ilhom To‘xtasinovga yuklatildi.
Qayd etish lozimki, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijalari Vakilning Oliy Majlis palatalariga 2022 yilning mart oyida taqdim etadigan yillik axborotida aks etadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati