Seminarda 30 nafardan ortiq, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati xodimlari, Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzolari, Ombudsmanning mintaqaviy vakillari hamda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzurida tashkil etilgan Probatsiya xizmati xodimlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimidagi islohotlar xato qilgan shaxsga yana bir bor imkoniyat berish orqali uni yana oilasi bag‘riga qaytarish, uning xulq-atvoridagi nuqsonlarni bartaraf etishga ko‘maklashish va jamiyatga moslashtirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 noyabrdagi «Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori asosida Probatsiya xizmati tashkil etilib, 2019 yil 1 yanvardan eʼtiboran o‘z faoliyatini boshlagan edi.
Probatsiya — ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga hukm qilingan, jumladan, shartli hukm qilingan mahkumlarni qayta tarbiyalash, ularning huquqlarini ro‘yobga chiqarish borasida ishlar samaradorligini oshiradigan tizim hisoblanadi.
Seminarda qayd etilishicha, Probatsiya xizmatining asosiy vazifasi shartli hukm qilingan va jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishiga, shu jumladan, ularning kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish orqali har tomonlama amaliy ko‘maklashishdir.
Nazorat ostidagilarning qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash va bunga yo‘l qo‘ymaslik profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularning shaxsini ijtimoiy-psixologik portretni tuzgan holda o‘rganish kabi vazifalar ham Probatsiya xizmati zimmasiga yuklatilgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 2020 yilda ko‘rilgan jinoyat ishlarida jami mahkumlarining 74 foiziga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari qo‘llanilgan. Bu esa o‘z navbatida tashkil etilganiga uncha ko‘p muddat bo‘lmagan Probatsiya xizmati xodimlarining ish yuklamasi muntazam ravishda ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Seminar ishtirokchilariga probatsiya xizmatining xalqaro standartlari, ilg‘or xorijiy tajribalar, probatsiya mijoziga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatishning individual dasturi, shaxsni ijtimoiy-psixologik o‘rganish asoslari kabi mavzularda to‘liq maʼlumotlar berildi.
Seminar-trening doirasida probatsiya xizmati samaradorligini yana-da oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.
2 kunlik seminar trening interfaol usulda tashkil etilib, ishtirokchilar faolligi, fikr mulohazalari, amaliy mashg‘ulotlardagi ishtiroki bilan boyitildi. Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati