Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Davlat rahbari “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Farmonini imzoladi
Qayd etish lozimki, mazkur hujjat Ombudsman institutining inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yana-da oshirish, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlashdagi vakolatlarini va xududlardagi ishtirokini kengaytirish hamda Ombudsman faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Farmon bilan Ombudsmanning eng ustuvor vazifalari sifatida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishda ishtirok etish belgilandi.

Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarining qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishga urg‘u berildi.

Farmonda Ombudsmanning inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish, inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlari normalarining ijrosini o‘rganish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi ham berilmokda.

Hujjatda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish hamda boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olish bo‘yicha taʼsirchan choralarni ko‘rish vazifasi ham belgilangan.

Inson huquqlari buzilgan holatlar haqidagi xabarlarni vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan birgalikda tekshirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish hamda inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham Ombudsmanning muhim vazifalari jumlasiga kiradi.

Farmonga ko‘ra, Ombudsmanning joylardagi jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi mintaqaviy vakillari 2022 yilning 
1 yanvaridan doimiy asosda ishlaydigan bo‘ldi.

Shu bilan Ombudsmanning mintaqaviy vakillari o‘z faoliyatida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlaydi, inson huquqlari monitoringini tashkil etadi va o‘tkazadi.

Xususan, fuqarolarning shikoyatlarini qabul qiladi va ko‘rib chiqadi, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashadi.

Bundan tashqari, Farmon bilan mintaqaviy vakillarga ushlab turilgan, qamoqqa olingan, maʼmuriy jazo o‘tayotgan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish vazifalari qo‘yildi.

Eʼtiborli jihati shundaki, mintaqaviy vakil faoliyati davomida o‘z tashabbusi bilan yoki murojaat muallifining iltimosiga ko‘ra, shikoyatni ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlar vakillarining ishtirokida ko‘rib chiqishni tashkil qilish huquqiga ham ega.

Shuningdek, Farmonga ko‘ra mintaqaviy vakil inson huquqlarini taʼminlashda davlat organlari va tashkilotlariga moneliksiz kirishi va ularning mansabdor shaxslari tomonidan zudlik bilan qabul qilinishi belgilangan.

Taʼkidlash joizki, mintaqaviy vakillar har yili o‘z hududlarida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi ahvoli bo‘yicha tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga maʼruza taqdim qilishi belgilandi.

Farmonga muvofiq, yangi tahrirda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, Farmonda Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanish tizimini yaratish va uni ishga tushirish, ushbu tizimni vazirlik va idoralarning axborot tizimlari hamda maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilish ham belgilangan.

Xulosa qilib aytanda, mazkur tarixiy hujjat Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlash va qiynoqlarga qarshi kurashishdagi hududlardagi faoliyatini kuchaytirishga, qonunchilik asoslarini takomillashtirish va Ombudsman faoliyatini raqamlashtirish orqali murojaatchilarga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.Ombudsman instituti farmon talablaridan kelib chiqqan holda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashda bor kuchini safarbar etadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati