Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
MDHga aʼzo davlatlar Bolalar Ombudsmanlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 14 sentyabr kuni MDH davlatlari Bola huquqlari bo‘yicha vakillarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Belarus va Armaniston Bolalar ombudsmanlari hamda MDHga aʼzo davlatlar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi - ijrochi kotibi Sergey Lebedev ochib berdi. Onlayn uchrashuvda taʼkidlanganidek, ushbu tadbirning o‘tkazilishidan maqsad – bola huquqlarini taʼminlashda MDHga aʼzo davlatlarning Bolalar Ombudsmanlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash hamda konstruktiv aloqa uchun muloqot platformasini yaratishdir.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova MDHga aʼzo davlatlar vakillari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi formati muhim ahamiyatga ega ekanligiga eʼtibor qaratdi. "Bugun biz nafaqat davlatlarimiz hududida amalga oshirilayotgan dasturlarni qo‘llab -quvvatlashga qadam qo‘ymoqdamiz, balki, MDHga aʼzo davlatlarda bola huquqlarining kafolatlanishida ombudsman institutlari va boshqa inson huquqlari mexanizmlarini birlashtirmoqdamiz. Yillar davomida to‘plangan ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish va amaliyotga tadbiq etish yaxshi natija berishi shubhasiz.”,-dedi Bolalar ombudsmani.

Aliya Yunusova voyaga yetmaganlarni qurolli mojorolar bo‘layotgan hududlardan qaytarish, ularni reintegratsiya qilish, reabilitatsiya qilish va jamiyatga integratsiyalashuvi dasturlari doirasida o‘zaro taʼsir o‘tkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlashicha, bugungi kunda ko‘plab davlatlar ushbu muhim vazifani amalga oshirish bilan shug‘ullanmoqdalar va MDHga aʼzo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi formati kuchlarni birlashtirishga va bu ish samaradorligini oshirishga imkon beradi.

Shuningdek, bolalar ombudsmani ishtirokchilar qaroriga binoan keyingi yig‘ilishlarda ishtirok etish uchun bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi mutaxassislarni jalb qilish hamda bolalarning huquqini himoya qilish, qonuniy  manfaatlarini taʼminlash sohasida ekspertlar hamkorligi, tajriba almashish, birgalikda o‘tkaziladigan chora-tadbirlar rejasini tuzish takliflarini bildirdi, bu muhokama uchun tanlangan mavzularni kengroq ochib berishga yordam beradi. Tadbirda ishtirok etayotgan mamlakatlar vakillari ushbu takliflarni bir ovozdan qo‘llab -quvvatladilar, shuningdek, o‘z davlatlari hududida bolalar huquqlarini himoya qilish tajribalari bilan bo‘lishdilar.

Aliya Yunusova uchrashuv yakunida, tadbirdagi ishtiroki va konstruktiv muloqot uchun ishtirokchilarga va MDH Ijroiya qo‘mitasiga minnatdorchilik bildirdi.


Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati