Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Sankt-Peterburg shahridagi saylov jarayonlarida ekspert sifatida ishtirok etdi
Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova joriy yilning 17-19 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi, Sankt-Peterburg Qonunchilik Majlisi va shahar ichidagi munitsipalitetlarning shahar kengashlari deputatlari saylovlarida ekspert sifatida ishtirok etdi.

Ombudsman 3 kunlik tashrif davomida Sankt-Peterburgning Kronshtadt, Kalinin va Markaziy (avvalgi Dzerjinsk, Kuybishev va Smolninsk tumanlarining birlashuvi) tumanlarida bo‘lib 15 dan ortiq uchastka saylov komissiyalari hamda 20 ga yaqin xududiy saylov komissiyalarida yaratilgan sharoitlar, saylov jarayonlarining borishi bilan tanishdi.

Jumladan, 18-19 sentyabr kunlari Ombudsman F.Eshmatova Kalinin va Markaziy tumanlaridagi maʼmuriyat rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida mazkur saylov jarayonlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ovoz berishi uchun maxsus shart-sharoitlar yaratishga katta eʼtibor qaratilgani hamda ovoz berish jarayonlari ham barcha talablarga qatʼiy rioya qilgan holda tashkil etilgani hamda saylov komissiyalari aʼzolarining tibbiy xavfsizligini taʼminlash nuqtai nazaridan ularning aksariyati koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangani taʼkidlandi.

Uchrashuvlardan so‘ng, bir necha tumanlardagi qator saylov komissiyalarining faoliyati ko‘zdan kechirildi.

Bundan tashqari, 19 sentyabr kuni esa Jamoatchilik nazorati markazida Sankt-Peterburg jamoatchilik palatasi raisi bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston, Fransiya, Italiya va boshqa mamlakatlardan kelgan ekspertlar va kuzatuvchilar barcha uchastka saylov komissiyalaridan onlayn tarzda uzatilgan yozuvlarni ko‘zdan kechirib, nazoratchilar ishini o‘rganish imkoniga ega bo‘ldilar.

Tashrif doirasida Ombudsman Sankt-Peterburg shahridagi vokzalda tashkil etilgan uchastka saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur uchastkada saylov kuni shaxsiy yoki xizmat safarida bo‘ladigan fuqarolar ovoz berishi mumkin. Buning uchun saylovchilar 13 sentyabrga qadar  davlat xizmatlari agentligidan saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Saylov kunlari mazkur uchastkada ro‘yxatga olingan saylovchilar soniga qarab saylov blankalari tayyorlab qo‘yiladi.

Ombudsman xizmat tashrifini Sankt-Peterburg shahridagi Jurnalistlar uyida tashkil etilgan press-konferensiya yakunlab berdi. Unda Vakil F. Eshmatova uch kunlik saylov haqidagi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi va OAV vakillarining savollariga javob berdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati