Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman qiynoqqa solish holatlarini o‘rganish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi
Joriy yilning 23–25 sentyabr kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi jamoatchilik guruhi aʼzolari, senator, Ombudsmanning mintaqaviy vakili Xorazm viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda qiynoqqa solish holatlarini o‘rganish maqsadida monitoring tashriflarini o‘tkazdi. 

Tashrifda dastlab Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Oltinchi mintaqaviy hududdagi 11-sonli tergov hibsxonasi ko‘zdan kechirildi.

Maʼlum bo‘lishicha, mazkur hibsxona 300 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 192 nafar mahbus saqlanmoqda. Ularning 9 nafari ayollardir.

Qayd etish lozimki, ushbu muassasaga 2020 yilda ham Ombudsman mutaxassislari tashrif buyurib, hibsxonaning qabulxona va oshxonasini taʼmirlash, jihozlarni yangilash, ventilyatsiya tizimi bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan edi.

Bu galgi monitoring tashrifida ilgari bildirilgan tavsiyalarning barchasi inobatga olinib, kamchiliklar bartaraf etilgan.

Mahbuslar hibsxonada xodimlar tomonidan ularga yaxshi muomalada bo‘linayotgani, ovqatlanish va yashash sharoitlaridan hech qanday eʼtiroz yo‘qligini bildirishdi.

Hibsxonalarda tegishli  normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, sayrgoh hovlisi bo‘lishi va mahbuslar bir kunda bir soat vaqt davomida unda sayr qilishlari hamda toza havodan bahramand bo‘lishlari belgilangan. O‘rganish ishlari davomida sayrgoh hovlisining mavjud ekani va mahbuslar navbatma navbat shu xonaga kiritilishi aniqlandi.

Hibsxonadagi tibbiyot punkti ko‘zda kechirilganda, tibbiy xodimlari,  u yerdagi jihozlar va dori vositalarining yetarli darajada ekanligi maʼlum bo‘ldi.

Tibbiyot bo‘limi mudiri hozirgi kunda hibsxonada Covid-19 infeksiyasi bilan kasallangan 2 nafar bemor alohida joylashtirilgan holda davolanayotganligini aytdi. Undan koronavirus infeksiyasining oldini olish choralari haqida so‘ralganda, mahbuslar hibsxonaga olib kelinishidan avval test topshirishi, kasallik aniqlangan bemorlar darxol alohida xonalarga joylashtirilishini aytib, muassasa xodimlari 100 foiz emlanganligini taʼkidlab o‘tdi.

 Qayd etish lozimki, Ombudsman tavsiyalari asosida hibsxonadagi sharoitlarni milliy qonunchilik va xalqaro standartlar darajasida yaxshilash borasidagi ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Monitoring davomida ushbu muassasada saqlanayotgan shaxslar uchun eng ko‘p foydalanilishi mumkin bo‘lgan huquqiy adabiyotlar bilan to‘ldirish, kutubxonani so‘nggi yillarda qonunchilik normalariga kiritilgan yangiliklarni o‘zida jamlagan huquqiy adabiyotlar bilan boyitish tavsiya etildi. 

O‘rganish davomida mazkur tergov hibsxonada tashkil etilgan 52-sonli uchastka saylov komissiyasi faoliyati va saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari bilan ham tanishildi.

Ombudsman boshchiligidagi jamoatchilik guruhi aʼzolarining navbatdagi monitoring obyekti Xorazm viloyati IIB Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonasi bo‘ldi.
60 o‘ringa ega bo‘lgan maxsus qabulxonada hozirgi kunda 36 nafar mahkum saqlanmoqda. Qamoqxona binosi 2020 yilda foydalanishga topshirilgan. Muassasa rahbari bu yerga ko‘pincha mast xolda avtomobil boshqargan va aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamagan shaxslar 15 sutkalik qamoq jazo chorasini o‘tash uchun olib kelinishini aytdi.

Shu bilan birga, qiynoq yoki zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan monitoring o‘rganishlari Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazida ham o‘rganildi. Joriy yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirilgan zamonaviy, barcha zarur texnika va jihozlarga ega bo‘lgan binoda xavfsizlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Binoda 32 ta videokamera o‘rnatilgan bo‘lib, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri markaziy apparatga ulangan bo‘lib, respublikadan boshqariladi.

Mazkur reabilitatsiya markaziga shaxsi aniqlanmagan shaxslar olib kelinib, ularning shaxsi aniqlanguniga qadar ushbu shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatiladi hamda yashashi, sport bilan shug‘ullanishi va ovqatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Keyinchalik esa o‘z oilasi va yaqinlariga topshiriladi.

Monitoring davomida reabilitatsiya markazi xodimlari chet el fuqarolarining shaxsini aniqlashda o‘zaro hamkorlik qilish taklifini bildirdilar. Ombudsman o‘z o‘rnida xorijiy davlatlar ombudsmanlari orqali bu kabi masalalarni hal etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Keyingi manzil viloyat ruhiy asab kasalliklari shifoxonasi bo‘ldi. Kasalxonada davolanayotgan bemorlarga yaratilgan sharoitlar, ularning dori-darmon vositalari bilan taʼminlanishi, vaqtida ovqatlanishi va boshqa muolajalarning o‘tkazilishi bilan bog‘liq holatlar monitoring tashrifi davomida batafsil o‘rganildi.

Ombudsman boshchiligidagi jamoatchilik guruhi aʼzolari Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Xorazm viloyat filialida ham bo‘lishdi. Markazda ixtiyoriy va majburiy ravishda davolanayotgan fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan taklif hamda tavsiyalar berildi.

Ushbu tashrif davomida markazning bemorlarga taom tayyorlash bo‘yicha autsorsing korxonasi bilan tuzilgan shartnomasi o‘rganilib, ushbu korxonaning faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi aniqlandi. Xususan, shifoxonada haftalik taomnomaga rioya etilmaslik, ovqatlarning ozuqaviy qiymati belgilangan talablarga javob bermaslik holatlari aniqlandi.

Shu bilan birga, o‘rganish davomida jinoyat sudlaridagi sudlanuvchilarni vaqtincha saqlash xonalari ham ko‘zdan kechirildi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati