Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Fuqarolar qabulida Ombudsmanga qanday murojaatlar kelib tushdi?
Joriy yilning 30 sentyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovaning navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi.

100 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etgan qabul davomida sud-huquq, uy-joy, bandlik, ijtimoiy yordam, aliment, kredit va boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushib, nazoratga olindi. Baʼzi murojaatlar bo‘yicha fuqarolarga tegishli huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.

Qabul davomida namanganlik murojaatchi, uch yil davomida turmush o‘rtog‘i va kelini tomonidan bosim o‘tkazilgani, janjal chiqarib yosh bolasi bilan uydan haydalgani va hozirda yashashga joyi bo‘lmagani uchun vokzallarda tunab qolayotganini bildirdi. Ombudsman darhol  Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi  bilan bog‘lanib, ushbu fuqaroni markazga joylashtirilishida yordam berdi.

Farg‘ona viloyatidan Ombudsman qabuliga kelgan murojaatchi birinchi guruh nogironi bo‘lib, u shu kunga qadar 19 marotaba ko‘z jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazgan. Oliy taʼlim muassasasiga o‘qishga kirib, oliy maʼlumotli bo‘lish istagida bo‘lgan ushbu murojaatchi Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishga ballari yetmaganini qayd etib,  Ombudsmandan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun OTMga kirish imtiyozlaridan foydalanishda amaliy yordam berishini so‘radi.

Qayd etish lozimki,  2020 yilning 15 oktyabr kuni Davlat rahbari tomonidan imzolangan yangi tahrirdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonun bilan imkoniyati cheklanganlarning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq qator masalalar Qonun darajasida belgilandi.  Jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalarning bepul umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, o‘rta maxsus va professional taʼlim olishini kafolatlash, bunda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi ajratilishi belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, murojaat nazoratga olinib, nogironligi bo‘lgan murojaatchini oliy taʼlim bilan qamrab olinishi bo‘yicha qonun doirasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tegishli takliflar kiritilishi belgilab olindi.

Ombudsman shu kuni shaxsiy qabuliga kelgan barcha fuqarolarni qabul qildi.

Maʼlumot uchunOliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mutaxassislari tomonidan belgilangan jadval asosida dushanba – juma kunlari soat 10:00 dan 13:00 gacha va 15:00 dan 17:00 gacha fuqarolar qabuli o‘tkazilmoqda.

Manzil: 100027, Toshkent shahar Shayxontohur tumani Islom Karimov
shox ko‘chasi 16A-uy 

Ishonch telefoni: 1096

Elektron pochta: info_ombudsman.uzb@umail.uz

Rasmiy sayt: www.ombudsman.uz

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati