Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘ZBEKISTONDA MILLIY PREVENTIV MEXANIZMNI XALQARO STANDARTLAR ASOSIDA RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARI
Joriy yilning 8 oktyabr kuni “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda milliy preventiv mexanizmni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ushbu xalqaro tadbirni tashkil etishdan maqsad Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarga nisbatan insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishdagi milliy va xorijiy tajribalarni o‘rganish yuzasidan tadbir ishtirokchilariga maʼlumotlarni yetkazish hisoblanadi.

Konferensiyada Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda qator davlat tashkilotlari vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi komissiya aʼzolari, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, “Xalqaro qamoqxonalar islohoti”ning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi (PRI), Rossiya, Serbiya, Vengriya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari Ombudsmanlari shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Xalqaro tadbirda so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha vakil Feruza Eshmatova Davlat rahbarining joriy yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori inson huquqlari himoyasi O‘zbekiston uchun muhim yo‘nalish ekanligidan darak berishini alohida qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qaror 2019 yilda ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan holda ish boshlagan Ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm (MPM) faoliyatini yana-da kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Milliy preventiv mexanizm – qiynoqning har qanday ko‘rinishlarining oldini olish maqsadida mustaqil xalqaro va milliy organlarning ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam tashriflar tizimini yaratishdir.

Aslida, MPMning ahamiyati ulkan. Qiynoqlardan jabrlanganlar doim ham ular duch kelgan vaziyatlar haqida o‘z vaqtida xabar berish imkoniyatiga ega bo‘lmasliklari mumkin. Mana shunday vaziyatda Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhining o‘rganishlari va monitoring tashriflari kerakli signalni berishi mumkin, - dedi Ombudsman.

Alohida qayd etish lozimki, qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari nafaqat jazoni ijro etish muassasalariga, balki 200 dan ortiq yopiq muassasalar, jumladan, ruhiy-asab kasalliklari shifoxonalari, narkologik dispanserlar, reabilitatsiya markazlari, “Mehribonlik”, “Muruvat” va “Sahovat” uylariga hamda boshqa qator  muassasalarga amalga oshiriladi.

Tadbirda qayd etilishicha, MPM dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va boshqa qator davlatlarda joriy etilgan.

Xalqaro konferensiya o‘z ishini seksiyalarga bo‘lingan holda olib bordi. Unda jazoni ijro etish muassasalarida inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning samaradorligini oshirish, unda fuqarolik jamiyati vakillarining tutgan o‘rni, milliy preventiv mexanizm: xorijiy va Markaziy Osiyo davlatlari tajribasi mavzulariga oid maʼruzalar tinglandi va muhokama etildi.

Xalqaro konferensiya yakunlariga ko‘ra, mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan qiynoqlarni aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirishga va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati