Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman murojaatlar bilan ishlashda yo‘l qo‘yilayotgan xatolarga to‘xtaldi
Joriy yilning 18 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning fuqarolar murojaatlari asosida davlat idoralariga yuborayotgan murojaatlarining ijro holati tahlil qilindi.

Yig‘ilishda Ombudsman tomonidan mamlakatimizda inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ushbu sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon bilan belgilangan yangi tartiblarni amalga oshirish bo‘yicha qilingan ishlar tahliliga to‘xtalib o‘tildi.

Mazkur Farmon bilan davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish Ombudsmanning ustuvor vazifasi sifatida belgilandi.

Shuningdek, Ombudsmanga ham qonunchilik tashabbusi huquqi berilib, aholidan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga imkon berilishi taʼkidlandi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2021 yil 9 oyi davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili nomiga mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolari, ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 13 689 ta murojaat kelib tushgan.

Tahlillarga ko‘ra, parlament nazorati subyekti sifatida Ombudsman tomonidan 7028 ta murojaat o‘z ish yurituviga olindi. Qolgan murojaatlar Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, tegishli tashkilotlarga yuborilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil aholi murojaatlari, ularni qiynayotgan masalalarga to‘xtalar ekan, amaldagi qonun va qonun osti normalarini takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini ham bildirdi.

Yig‘ilishda aliment qarzdorligi, xususiy mulk daxlsizligi, aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha mavjud kamchiliklari senatorlar tomonidan alohida taʼkidlandi. Shuningdek, baʼzi mansabdor shaxslarning qabul qilinayotgan yangi normalardan yetarli darajada xabardor emasligi sababli, fuqarolar Ombudsmanga murojaat qilishga majbur bo‘layotgani xususida ham tanqidiy fikrlar bildirildi.

Muhokama natijalari yuzasidan qo‘mita tomonidan mutasaddi idoralarga tegishli ko‘rsatmalar va tavsiyalar berilib, qarorda aks ettirildi.