Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga saylov uchastkalarida yaratilgan sharoitlar o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90 va 117 moddalari va O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolarining, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning huquq va erkinliklar  tengligi kafolatlangan.

Shuningdek, O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan bo‘lib, uning 29 moddasida ishtirokchi davlatlar nogironlarning siyosiy huquqlarini va boshqalar bilan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini kafolatlashi va nogironlar boshqalar bilan teng ravishda siyosiy va ijtimoiy hayotda bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali samarali va har taraflama ishtirok etishlari, shu jumladan saylash va saylanish huquqlari va imkoniyatlariga ega bo‘lishlarini, jumladan,  ovoz berish tartiblari, binolari va materiallari anglash va foydalanish uchun mos va oson bo‘lishini taʼminlash majburiyatlarini olishi belgilangan.

Qayd etish lozimki, nogironligi bo‘lgan shaxslar saylovlarda ishtirok etish orqali nafaqat o‘z siyosiy huquqlaridan foydalanadilar, balki bu orqali o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli aʼzosi sifatida his qiladilar.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, joriy yilning 20 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi vakillari Toshkent shahar, Mirobod va Yakkasaroy tumanidagi qator saylov uchastkalarida bo‘lib, u yerdagi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar holatini o‘rganishdi.

O‘rganishlar davomida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun o‘z siyosiy huquqlarini to‘lakonli amalga oshirish uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgani, jumladan ularga alohida kabinalar ajratilgani, kirish va chiqish joylarida panduslar joylashtirilgani, ko‘rish imkoniyati cheklanganlar uchun brayl alifbosidagi byulleten trafareti bilan taʼminlangani va saylov uchastkalariga surdo tarjimonlar jalb qilingani aniqlandi.

“Tan olish kerakki nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bu yilgi saylov jarayoni oldingi yillargidan mutlaqo yangicha tashkil etilgan” – deydi  Nogironlar Assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov.

- Bugungi o‘rganishlarimizda saylov uchastkalarida panduslar borligi, kar va yaxshi eshitmaydigan saylovchilar uchun surdo-tarjimonlar ajratilgani, ko‘zi ojizlar uchun brayl yozuvidagi trafaretlarning qo‘yilishi bizni quvontirdi. Shu bilan birga nogironligi bo‘lgan shaxslarning ovoz berish jarayonlarida faol ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlarni yaratish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish bo'yicha qo‘shimcha tavsiyalar berildi.

Monitoring davomida saylov uchastkalariga qo‘yilgan panduslarni belgilangan talablarga moslashtirish, ko‘zi ojizlar uchun maxsus taktil yo‘lakchalarni tashkil etish, nomzodlar haqida audio maʼlumot olish imkoniyatini yaratish kabi tavsiyalar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati