Uchrashuvda Inson huquqlari bo‘yicha vakil mehmonlarga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan asosiy islohotlar, jumladan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyaning tasdiqlangani va joriy yilda qiynoqlarni oldini olishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori ahamiyatiga to‘xtaldi.
Shuningdek, mamlakatimizda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar huquqlarini taʼminlash sari bosilgan yana bir muhim qadam ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan Prezidentlik saylovlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilgan qo‘shimcha imkoniyatlar, surdo tarjimon, ko‘zi ojiz saylovchilar uchun tayyorlangan brayl yozuvidagi trafaretlar, ovoz berish uchun alohida kabinka ajratilgani va boshqa sharoitlar hozirlangani bo‘yicha Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan monitoringlar natijasi bo‘yicha so‘zlab berildi.
Qolaversa, saylash huquqiga ega bo‘lgan mahbus va mahkumlarning emin-erkin, hech qanday tazyiqlarsiz ovoz berishlari uchun muntazam ravishda yopiq muassasalar o‘rganilayotgani ham qayd etildi.
Misr Vakillar palatasining Ijtimoiy hamjihatlik, oila va nogironlar qo‘mitasi raisi, doktor Abdulhadiy Ahmad Al-Kasabi ham Misrda inson huquqlarini himoya qilish sohasining o‘ziga xos xususiyatlari haqida maʼlumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Misr parlamenti ikki palatadan iborat bo‘lib, ularning har birida Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita mavjud va ular inson huquqlarini taʼminlashning asosiy yo‘nalishi sifatida gender tengligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratishadi.
O‘zaro muloqot davomida O‘zbekiston va Misr Ombudsmanlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Amira Fahmi ham ikki mamlakatlar Ombudsman institutlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishga ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.
Mehmonlar 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining muvaffaqiyatli o‘tishiga tilak bildirishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Mabuot xizmati