Tomonlarning qayd etishicha, O‘zbekiston va Turkiya davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va do‘stona munosabatlari tufayli davlatlararo strategik hamkorlik tobora mustahkamlanayotgan paytda Ombudsmanlarning o‘zaro hamkorligini ham yangi bosqichga olib chiqilishi maqsadga muvofiq.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova bilan Turkiya-Buyuk millat majlisi ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar qo‘mitasi raisi Fotima Aksalning uchrashuvi o‘tkazildi.
O‘zaro muloqotda gender tengligi mamlakatlarning demokratik taraqqiyot darajasini ko‘rsatuvchi indikator ekanligidan kelib chiqib, har ikkala davlatda ham ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan islohotlarga ustuvorlik berilayotgani qayd etildi.
Fotima Aksalning so‘zlariga, Turkiyada 1934 yilda xotin-qizlarga saylash va saylanish huquqi berilgan. Dastlab, ayollarning parlamentdagi ulushi 4 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 17 foizga yetgan. O‘zbekistonda milliy parlamentidagi ayollar soni esa 32% darajaga yetgan - bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat 190 mamlakat orasidan 37-o‘rinni egallagan.
Shuningdek, tomonlar mamlakatda gender tengligini taʼminlash va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha tajriba almashishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati