Monitoring davomida tegishli tartibda tasdiqlangan kundalik taomnoma asosida, oziq-ovqat maxsulotlarining berilayotganligi holati o‘rganilganida qator kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, joriy yilning 10 noyabr kuni ikkinchi nonushtaga non, tvorog, smetana va qandli choy berilishi nazarda tutilgan bo‘lsada, vasiylikka olinganlarga faqatgina pecheniye va choy berilgan.
Bundan tashqari, internatda saqlanayotganlarga o‘z vaqtida tibbiy muolajalar ko‘rsatilmayotgani ham aniqlandi. Jumladan, joriy yilning 5-15 noyabr kunlari oralig‘ida massaj qilish uchun biriktirilgan internat xodimi J.A. tomonidan vasiylikka olinganlarga umuman massaj muolajalari olib borilmagan bo‘lsada, ularga massaj qilganligi to‘g‘risida tegishli jurnallar to‘ldirgan.
Shuningdek, aniq vaqt oralig‘ida qilinishi kerak bo‘lgan muolajalarni o‘tkazishi kerak bo‘lgan xodim xam ishga kelmaganligi va xizmat ko‘rsatilmaganligi, lekin tegishli jurnallarda vasiylikka olingan shaxs uchun dori vositasi sarflanganligi qayd qilingan.
Internat hodimlari tomonidan vasiylikka olinganlarga kiyim-kechak, poyafzal, boshqa buyumlar va tasdiqlangan normalar bo‘yicha yumshoq anjomlarning tarqatilishi holati o‘rganilganida ham ularni rasmiylashtirishda omborxona mudiri tomonidan xatoliklarga yo‘l qo‘ygani, baʼzi xollarda olingan anjomlar tegishli tartibda vasiylikka olinganlarga tarqatilmagani aniqlandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati