Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda himoya qilishda Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 6 dekabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi va Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlangan “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda himoya qilishda Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi aʼzolari, Oliy sud, Ombudsman huzuridagi huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyasi aʼzolari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari va OAV ishtirok etishdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi va Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan tashkil etilib, unda Ombudsman faoliyati tahlil qilinib, Inson huquqlari bo‘yicha vakil institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda kirish so‘zi bilan ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov Ombudsman instituti konstitutsiyaviy maqom olganiga to‘xtalar ekan, joriy yilning o‘zida  Davlat rahbari tomonidan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolangani va ushbu hujjatlar Ombudsman faoliyatini yana-da mustahkamlanishiga xizmat qilishini qayd etdi.

Shu bilan birga bugungi tadbirda muhokama qilinayotgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ahamiyatidan va inson huquqlari bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatidan kelib chiqib, uni yangi tahrirda qabul qilish taklifini ham bildirdi.

Shuningdek, Akmal Xolmatovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yangi O‘zbekiston strategiyasi» nomli kitobida mamlakatimizning keyingi besh yilligida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida amalga oshirilishi belgilangan islohotlarga to‘xtaldi.

Davra suhbatida so‘z olgan YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Pyer Fon Arks Ombudsman institutini fuqarolar va davlat idoralari o‘rtasidagi ko‘prik, uning ustunlari esa Inson huquqlari bo‘yicha vakilning huquqiy asosidir deya taʼrifladi.

Fuqarolar ko‘prikning mustahkam ekanligiga  ishonch hosil qilsagina undan o'tadi. Demak, Ombudsmanning huquqiy asosi qanchalik mustahkam bo‘lsa, unga fuqaroning ishonchi shuncha ortadi.  Shu o‘rinda ushbu qonun loyihasining xalqaro standartlarga mos ekanligi masalasi ham juda muhim. Biz bu borada 1993 yilda qabul qilingan Parij tamoyillariga tayanamiz. YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori mazkur qonun loyihasining mustahkam va barqaror bo‘lishi tarafdorimiz va bu borada hamkorlik qilishga tayyormiz.

Tadbirda so‘z olgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslangan.   Bosh qomusimizning 13 moddasida O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi belgilangan. Shu nuqtai nazardan, Ombudsman institutining ham asosiy maqsadi insonlarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini taʼminlanishiga erishishdan iborat.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2021 yil 10 oyi davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili nomiga mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolari, ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 15 373 ta murojaat kelib tushgan va parlament nazorati subyekti sifatida Ombudsman tomonidan 7 mingdan ortiq murojaatlar o‘z ish yurituviga olingan. Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan vazirlik va idoralarga 33 ta xulosa va 15 ta taqdimnoma kiritildi. Bundan tashqari, sudlarga 44 ta daʼvo arizalar kiritilgan va Ombudsman Kotibiyati xodimlari sudlarda kuzatuvchi sifatida 86 marotaba ishtirok etgan.

фото муаллифи М.ДЖАНГИРОВ

Davra suhbatida qayd etilishicha, Davlat rahbarining joriy yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni  ham mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yo‘lidagi muhim tarixiy qadam bo‘ldi. Unda amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunni Farmonda aks etgan islohotlar asosida takomillashtirish vazifasi qo‘yilgan.

Mazkur hujjatning muhim yangiliklaridan biri, Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi berilayotganidir. Bu bejiz emas, chunki inson huquqlari himoyasiga oid eng samarali takliflar aynan Ombudsmanning kundalik amaliyotida, odamlar, davlat va nodavlat tashkilotlari, sud hokimiyati va ekspertlik hamjamiyati bilan bevosita hamkorlikda shakllanadi. Bu borada yechimini kutayotgan muammolar ham aynan shu jarayonda yuzaga chiqadi.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokama qilinib, uni yana-da takomiliga yetkazish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi va Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda Ombudsman bilan hamkorlikda ishlagan davlat va nodavlat idoralar vakillari tashakkurnoma bilan taqdirlanishdi.

фото муаллифи М.ДЖАНГИРОВ

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati