Shu asosda Bola huquqlari bo‘yicha vakil, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti va YXHT O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda Chinoz tumanidagi Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasida tizimli loyihalar va tadbirlar o‘tkazib borilmoqda.
Bundan ikki oy avval Chinoz tumanidagi Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi o‘quvchilari o‘rtasida iqtidorli va sanʼatga qiziquvchi yoshlarni aniqlash maqsadida kasting tashkil etilib, 10 nafar o‘quvchi tanlab olingan edi.
Kuni kecha Sh.Ibragimov rejissyorligida kastingdan o‘tgan qizlar tomonidan sahnalashtirilgan Tufon Minnullinning “Alla” asari namoyish etildi.
Premyeraga taklif etilgan Bolalar Ombudsmani Aliya Yunusovaning taʼkidlashicha, bolalarni jismonan va ruhan sog‘lom shaxs sifatida tarbiyalash, ularda mehnatsevarlik va komillikka intilish tuyg‘ularini shakllantirishda badiiy asarlarni bolalar ishtirokida sahnalashtirish juda samarali hisoblanadi. Bunda Voyaga yetmaganlar bo‘sh vaqtlarini qiziqarli spektakllarni ijro etish orqali tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan asarlarning tub mohiyatini anglab yetadilar. Qolaversa bu jarayonda iqtidorlari bolalarni kashf etish ham mumkin.