Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda xotin-qizlarning roli
Bugun poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Fuqarolik jamiyati ayollar tashkilotlari ishtirokida “Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda xotin-qizlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi BMTning 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish” mavzusidagi mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti raisi T.Narbayeva, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari N.German, “BMT-Ayollar” tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofisi direktori A.El-Yassir va bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlari, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 30 dan ortiq fuqarolik jamiyatlarining ayol vakillari ishtirok etmoqda.

Bilamizki, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti mintaqadagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish hamda barqaror rivojlanish bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida norasmiy mintaqaviy platforma sifatida tashkil etilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti qisqa vaqt ichida gender tengligi va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish, mintaqa ayollari o‘rtasidagi hamjihatlik va amaliy hamkorlikni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan ayollarning muhim norasmiy koalitsiyasi ekanligini isbotladi.

Muloqot boshlanganidan buyon qator uchrashuvlar o‘tkazilib, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga oid ko‘plab dolzarb masalalar, bu boradagi mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, yalpi majlis shaklida o‘tgan forumning qolgan qismida “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibi – 2000-2021 yillarda amalga oshirilgan umumiy ishlar, Markaziy Osiyoda “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini targ‘ib qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda xotin-qizlarning o‘rni, Fuqarolik jamiyati tashkilotlarining “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini amalga oshirishga qo‘shadigan hissasi uchun mintaqaviy mexanizmlar va platformalar” mavzusida muhokamalar qilinmoqda.