Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlarini taʼminlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshmoqda
Toshkentda 13-14 yanvar kunlari “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining jamiyatda qayta o‘rnini topishida davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Demokratiya va inson huquqlari instituti” Respublika jamoat birlashmasi, Germaniya Xalq universitetlari assotsiatsiyasi (DVV)ning mamlakatimizdagi bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ko‘magida tashkil etildi.

Yevropa Ittifoqi hamda Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida bo‘lib o‘tayotgan davra suhbatida respublikamizning turli hududlaridan fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad fuqarolik sektori tashkilotlari va davlat idoralari hamkorligi orqali aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquqlarini taʼminlash yuzasidan monitoring yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha tajriba almashishdan iborat.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova Ombudsmanning inson huquqlari sohasidagi faoliyatiga to‘xtalarkan, jumladan, sudlangan va jazodan ozod etilgan shaxslar huquqi himoyasini taʼminlash, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam berish jamiyat oldida turgan muhim vazifa ekanini taʼkidladi.

Yig‘ilishda loyiha doirasida avvalroq treningdan o‘tgan fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquqlarini taʼminlash monitoringi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Ayni yo‘nalishdagi faoliyat jarayonida uchrayotgan muammolar muhokama qilindi.

Ishtirokchilar tadbirning o‘ziga xos amaliy ahamiyatini taʼkidlab, inson huquqlari sohasidagi bilimlarni chuqurlashtirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquqlariga rioya etilishi monitoringi bo‘yicha ishlarni yana-da rivojlantirish va muntazam ravishda o‘zaro tajriba almashish maqsadga muvofiqligini eʼtirof etdilar.

14 yanvar kuni ishtirokchilar Ombudsman ko‘magida Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi jazoni ijro etish muassasasida bo‘lib, o‘z monitoring ko‘nikmalarini amalda qo‘llash imkoniga ega bo‘ldilar.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati