Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Muhokamalar markazida Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha milliy va xalqaro tajriba
2022 yilning 21 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Parlament quyi palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish: xalqaro va milliy tajriba” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, Toshkent davlat yuridik universtiteti professor-o‘qituvchilari, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaz xodimlari, shuningdek, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Davra suhbatida qayd etilishicha, Davlat rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni ham mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yo‘lidagi muhim tarixiy qadam bo‘ldi. Unda amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunni Farmonda aks etgan islohotlar asosida takomillashtirish vazifasi qo‘yilgan.

Davra suhbatida so‘z olganlarning  qayd etishlaricha, so‘nggi yillarda inson huquq va manfaatlarini taʼminlashda Parlamentning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, yaʼni Ombudsman institutining o‘rni va vakolatlari tobora kengayib bormoqda Ayniqsa, .mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi doirasida inson huquq va manfaatlarini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar yana-da jadallashtirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Ushbu islohotlar jarayonida Ombudsman faoliyatini tartibga soluvchi Qonunning har tomonlama takomiliga yetkazilgan va amalda to‘liq ishlovchi hujjat sifatida qabul qilinishi maqsadga muvofiqdir.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasida mazkur sohani tartibga soluvchi bir qator ilg‘or davlatlarning qonun hujjatlari, xususan Finlyandiya, Polsha, BolgariyaVengriyaSerbiya, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi, Ukraina, Armaniston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va boshqa davlatlar qonunchiligi atroflicha o‘rganilgan.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasini inson huquqlarini taʼminlash borasidagi xalqaro maqomdagi hujjatlar talablari asosida takomillashtirish maqsadida ushbu hujjat BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda AQSHning Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarga ekspertiza uchun yuborilgan.

Shuningdek, Ombudsman faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasi regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasidan o‘tgan.

Davlat rahbarining Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan qonun loyihasi 7 bob va 46 moddadan iborat bo‘lib, unda Ombudsman o‘z oldida turgan vazifalarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolatlar hamda uning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatini ishonchli himoya qilish choralari, Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim qilish huquqlarini berishga oid yangi moddalar aks etgan.

Shuningdek, Ombudsmanning doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari maqomi, jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida «Ombudsman qutisi»ni saqlashning huquqiy mexanizmlari, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi va himoya qilinishi holati to‘g‘risida Ombudsman tomonidan jamoatchilikni xabardor qilish tartibi va mexanizmi, Ombudsman tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisga hamda davlat organlariga tizimli ravishda axborot taqdim etish tartibi va qator boshqa normalar aks etgan.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokama qilinib, uni yana-da takomiliga yetkazish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati