Ustozlik oliy rutba, o‘ta masʼuliyatli va yuqori maqomga ega kasb. Unga erishish uchun erinmay mehnat qilish va ter to‘kib ishlashga to‘g‘ri keladi. Bemisl mehnat, tinimsiz izlanish, bilim javohirlarini yig‘ib, uni shogirdlariga ulashish ustozlik obro‘sini ulug‘ qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi 72 ixtisoslashtirilgan maktabi o‘qituvchilari sahnaga ota-onalar qarshisiga chiqib, ulardan kechirim so‘rashga majbur qilingani va bu ish hokim yordamchisi va tuman XTB rahbarining tashabbusi ekani haqidagi xabar tarqaldi.
Omma oldida o‘qituvchilarning kamsitilishi, shaʼni va qadr-qimmatini oyoq osti qilinishini hech ham oqlab bo‘lmaydi.
Mamlakatimizda joriy yil Prezidentimiz tomonidan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb eʼlon qilindi.
“Inson qadrini ulug‘lash — yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash demakdir”-deb taʼkidladi Davlat rahbari.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.
Bosh qomusimizning 48-moddasida fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar - deb belgilangan.
Shuni aytishimiz kerakki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar yuqoridagi holatga huquqiy baho berishlari, aybdorlarni aniqlashi va muqarrar jazolashlari lozim.
Shu o‘rinda pedagog xodimlarning maqomini qonun bilan tasdiqlashga oid xalqaro tajriba mavjud ekanligini eslash o‘rinli. Bunga misol qilib, BMTning O‘qituvchi maqomi to‘g‘risidagi tavsiyasini keltirib o‘tish mumkin.
Xususan, ko‘pgina Yevropa davlatlarida o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarning ijtimoiy maqomi ancha yuqori bo‘lib, ular davlat xizmatchilariga tenglashtirilgan.
Bugun bizda ham davlat va jamiyatda o‘qituvchi (pedagog)ning maqomini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga jiddiy harakat qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, qonunchiligimizda o‘qituvchi (pedagog)ning maqomi mustahkamlanishi lozim.
Aliya YUNUSOVA
Bola huquqlari bo‘yicha vakil