Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning 2021 yilgi faoliyati tahlil qilindi
2022 yil 11 fevral kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 2021 yildagi faoliyatlari to‘g‘risidagi axborotlari eshitildi.

Taʼkidlanganidek, hisobot davrida Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlat fuqarolari, Ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari hamda boshqa yuridik shaxslardan 18738 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 39,6 foizi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 29,9 foizi ijtimoiy, 24,3 foizi iqtisodiy, 5,6 foizi siyosiy, 0,6 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir.

Shuningdek, Ombudsman tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 39 ta qonun loyihasi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining 141 ta moddalariga taklif va mulohazalar bildirildi.

Vakil tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi hamda inson huquqlarining taʼminlanganligi bo‘yicha bir qator monitoring tadbirlari o‘tkazildi. Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining BMT organlari, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Milliy huquqni himoya qilish muassasalarining Global alyansi, USAID, Xalqaro qamoqxonalar islohotining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi kabi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi faol rivojlanib bormoqda.

Mamlakatimizda bolalar mehnati to‘liq bartaraf etilib, Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bolaning eng ustun manfaatlarini taʼminlash, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Taʼkidlanganidek, 2021 yilda Bolalar ombudsmani nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillaridan, bolalar hamda ular qonuniy vakillari tomonidan 182 ta murojaat kelib tushdi. Hisobot davrida Bolalar ombudsmani tomonidan bola huquqlari va erkinliklarini taʼminlash yuzasidan 123 ta so‘rov davlat tashkilotlariga yuborildi.

Shu bilan birga, bola huquqlarini taʼminlash, voyaga yetmaganlarga oid qonunchilik hujjatlari ijrosining nazoratini olib borish va tegishli organlar bilan hamkorlikda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan davlat boshqaruvi organlari va huquqni muhofaza etuvchi organlarga 47 ta so‘rov jo‘natildi.

Bolalar ombudsmani tomonidan bola huquqlarini taʼminlash yuzasidan yopiq, shaxslar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda 31 ta monitoring o‘tkazildi. Monitoringlar 6 ta hududda Samarqand, Navoiy, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilib, 600 ga yaqin fuqarolar bilan uchrashildi. 150 ga yaqin fuqarolar bilan yakka tartibda suhbatlashildi.

Tadbirda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati