Unda deputatlar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdi.
taʼkidlanganidek, hisobot davrida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) o‘z faoliyatini asosan, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga, qonunchilikni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga, inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha monitoring faoliyatiga qaratib, inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga hamda Ombudsman faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga qaratdi.
O‘tgan davrda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 18738 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilda 14975 tani tashkil etgan.
Hisobot davrida Ombudsman parlament nazorati subyekti sifatida 11257 ta murojaatni o‘z ish yurituviga olib, ularning 2517 tasi yoki 23 foizi ijobiy hal etildi. Eng muhimi, Ombudsman tomonidan murojaatlar asosida tadbirkorlarga 145 mln. so‘mlik ortiqcha to‘langan soliq to‘lovlarini qaytarib berishda ko‘mak berildi.
Yig‘ilishda aytib o‘tilganidek, Prezidentimizning 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda monitoring tashriflarini amalga oshirish belgilangan.
2021 yilda Ombudsman tomonidan monitoring tashriflarini amalga oshirish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilib, 177 marotaba ushbu tashriflar amalga oshirildi. 2020 yilda esa mazkur tashriflar 76 marotabani tashkil etgan.
Monitoring tashriflari davomida harakatlanish erkinligi cheklangan joylarda ushlab turilgan va saqlanayotgan 4,5 mingga yaqin shaxs bilan jamoaviy va 758 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Tashrif yakunlari bo‘yicha tahliliy maʼlumotlar tayyorlanib, har chorakda Oliy Majlis palatalariga, vazirlik va idoralarga yuborildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovaning maʼlum qilishicha, Ombudsman hisobot davrida qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan ishlab chiqilgan va “project.gov.uz” elektron tizimiga joylashtirilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini o‘rganib chiqib, 39 ta loyihaning 141 ta moddasiga o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. Shundan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarning 9 tasi bo‘yicha bildirilgan 47 ta taklif va mulohazalar inobatga olindi.
Yig‘ilishda fraksiya aʼzolari Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati yakunlarini muhokama qilish bilan birga, fuqarolarning taʼlim olishga, malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga bo‘lgan huquqlarini taʼminlash, mahbuslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyati mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar bildirgan holda, Vakilning 2021 yildagi faoliyati yuzasidan hisobotini maʼqulladi.
Yig‘ilish yakunida ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan partiya fraksiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.