BMT qo‘mitasi sessiyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi onlayn ishtirok etmoqda.
BMT qo‘mitasi sessiyasi ishida, shuningdek, O‘zbekistondagi bir qator fuqarolik jamiyati institutlarining faollari masofadan qatnashmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Konvensiya qoidalarini amalga oshirish doirasida tayyorlangan Oltinchi davriy hisobot 2016 yildan – hozirgi kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan. Ushbu maʼruzani tayyorlashda 30 dan ortiq davlat organi va 20 dan ziyod fuqarolik jamiyati instituti ishtirok etgan.
Oltinchi davriy hisobotda Konvensiya qoidalarining moddama-modda amalga oshirilishi, O‘zbekiston qonunchiligiga mazkur yo‘nalishda kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar, xotin-qizlarning mavqeini yuksaltirish borasida erishilgan yutuqlar haqida batafsil maʼlumot berilgan. Xususan:
· xotin-qizlarni kamsitmaslik sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishi;
· O‘zbekiston hukumati tomonidan xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini kuchaytirish;
· erkaklar va ayollar o‘rtasida amalda tenglikni o‘rnatishni jadallashtirish;
· xotin-qizlarga nisbatan jamiyatdagi noto‘g‘ri qarashlarga barham berish;
· xotin-qizlar savdosining barcha shakllariga va xotin-qizlardan fohisha sifatida foydalanishga chek qo‘yish;
· nikohga oid masalalar va oilaviy munosabatlarda, siyosiy faoliyat va jamiyat hayotida, taʼlim, bandlik, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy, xalqaro hamkorlik sohalarida xotin-qizlarni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlar qamrab olingan.
BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mitasining 81-sessiyasida Gabon, Panama, Senegal, Uganda, Domnikan Respublikasi va Livan davlatlarining bu boradagi davriy maʼruzalari ham muhokama qilinadi.
Maʼlumot uchun: Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda qabul qilingan. O‘zbekiston ushbu Konvensiyaga 1995 yil 6 mayda qo‘shilgan.
Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mita – BMTning shartnomaviy organidir. U Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari bajarilishini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda 18 nafar mustaqil ekspert mazkur Qo‘mitaning aʼzosi hisoblanadi.
BMT qo‘mitasi sessiyasidan maqsad – Konvensiya qoidalari bajarilishini taʼminlash borasida erishilgan natijalarni muhokama qilishdir. Sessiya yakunida davriy hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan tegishli davlatlarga taklif va tavsiyalar taqdim etiladi.
Manba: parliament.gov.uz