Qayd etilganlarga ko‘ra hamda mahkumlarning O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksida qayd etilgan huquqlarini taʼminlash holatini o‘rganish maqsadida joriy yilning 4 mart kuni Ombudsman Kotibiyati masʼul xodimlari, Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili Rustam Kamolov hamda Ombudsman huzuridagi Jamoatchilik guruhlari vakillari, jumladan “Demokratiya va inson huquqlari” instituti Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi direktori Gulzira Sharipova, “Ezgulik” jamiyati markaziy boshqaruv aʼzosi Bekzod Nurmatov, “Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Aʼzam Farmonovlar ishtirokida Toshkent viloyatidagi 7 va 13-son koloniyalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.
Monitoring tashrifi Toshkent viloyatidagi qattiq tartibli jazoni ijro etish muassasasi hisoblanuvchi 13-son koloniyadan boshlandi. Tashrif davomida, Ombudsman Kotibiyati tomonidan shu koloniyada jazo o‘tayotgan va mehnatga jalb qilingan mahkumlarga ish jarayonida foydalanish uchun beg‘araz yordam sifatida oyoq kiyimlar va maxsus ust boshlar tarqatiladi.
Shundan so‘ng, mahkumlar uchun yaratilgan va yaratilishi lozim bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida koloniyaning uzoq muddatli va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tibbiyot bo‘limi, ishlab chiqarish hududi va mahkumlarning yashash joylari ko‘zdan kechirildi.
Bunda asosan avvalgi tashrif davomida aniqlangan salbiy holatlarning bartaraf etilganligiga eʼtibor qaratildi. Jumladan, qisqa muddatli uchrashuv xonasi taʼmirdan chiqarilgan. Avval berilgan tavsiyalar asosida sharoitlar yaratilgan. Uzoq muddatli uchrashuvga kelgan shaxslar uchun koloniya hududiga kirish qismida iqlim sharoitlariga mos holda alohida kutish joyi qilingan va foydalanishga topshirilgan.
Tashrif davomida, mahkumlarga oziq-ovqat taʼminoti Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan meʼyorlar talablari asosida berilayotganligi va oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanish holatlari ham alohida o‘rganildi.
Monitoring tashrifi ishtirokchilarining keyingi manzili, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi 7-son koloniya bo‘ldi. Ushbu koloniyaga amalga oshirilgan tashrif davomida ham asosiy eʼtibor avval berilgan tavsiyalarning bartaraf etilganligiga qaratildi.
Ushbu koloniyadagi oshxona to‘liq qayta taʼmirlashdan chiqarilib foydalanishga topshirilganligi va ovqat tayyorlash jarayonida sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan va nogironligi tufayli o‘zi erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar ham alohida ko‘zdan kechirildi. Ushbu mahkumlar bilan qonunchilikda belgilangan huquqlardan foydalanishlarida to‘siqlar yo‘qligi yuzasidan suhbatlar o‘tkazildi.
Tashrif davomida mahkumlarga qulaylik yaratish maqsadida har ikki koloniya hududida onlayn do‘kon faoliyati ham yo‘lga qo‘yilganligi maʼlum bo‘ldi. Mahkumlar uchun ushbu onlayn do‘kondan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanishlari uchun sharoitlar yaratilgan.
Monitoring tashrifi davomida koloniyalarda mahkumlar bilan ommaviy va yakka tartibda holi uchrashuvlar ham tashkil etildi. Ombudsman nomiga murojaat etish istagini bildirgan mahkumlarning murojaatlari qabul qilib olindi va ish yurituviga olindi.
Tashrif davomida aniqlangan salbiy holatlar yuzasidan koloniya mutasaddi xodimlariga bir qator tavsiyalar berib o‘tildi. Kelgusida Ombudsman tomonidan Jamoatchilik guruhlari ishtirokida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflari yana-da jadallashtiriladi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati