Qo‘mita majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatini, asosan, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga, qonunchilikni va normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga hamda inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha monitoringga faoliyatiga, Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olishga qaratilgan faoliyatga, inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga hamda Ombudsman faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga qaratgan.
Hisobot yilida Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 18738 ta murojaat kelib tushgan.
Xususan majlisda Ombudsmanga xotin-qizlardan yuborilayotgan murojaatlar tahlili hamda qo‘mita bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalar muhokama qilindi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati