Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligida Samarqanddagi 7-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi  uyushtirildi
2022 yilning 11 mart kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va jamoatchilik guruhi tomonidan milliy preventiv mexanizm doirasida qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida Samarqand viloyatidagi 7-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Аniqlanishicha, ushbu muassasada jami 453 nafar mahbus saqlanib, ularning 15 nafarini ayollar tashkil etadi. Hibsxonada ayollar saqlanadigan kameralar alohida ajratilgan bo‘lib, ular ayol xodimlar tomonidan qo‘riqlanadi.

Monitoring tashrifida tergov hibsxonasidagi mahbuslarning yashash tarzi, ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam olish sharoitlari va sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish holati o‘rganildi.

Dastlab, muassasada mahbuslarning oila aʼzolari bilan qisqa va uzoq muddatli uchrashuv, telefon so‘zlashuv uchun mo‘ljallangan xonalar ko‘zdan kechirildi.

Monitoring doirasida o‘tkazilgan jamoaviy uchrashuvlardan so‘ng bir qancha mahbuslar iltimosiga ko‘ra, ular Ombudsman tomonidan shaxsan qabul qilindi. yakkama-yakka tartibda o‘tkazilgan qabullarda qamoq ehtiyot chorasini o‘zgartirish, sudda Ombudsman xodimlari ishtirokini taʼminlash hamda mahbus va mahkumlarning oila aʼzolariga moddiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalar bo‘yicha yordam so‘raldi.

Tergov harakatlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xonalarni ko‘zdan kechirish jarayonida, bu toifadagi xonalar videokuzatuv vositalari bilan jihozlangani va advokatlar istalgan vaqtda advokatlik so‘rovnomasi bilan tergov jarayonlarida tasvirga olingan videomateriallarni talab qilib olishi mumkinligi aytildi.

Monitoring o‘rganishlari davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman tomonidan tavsiyalar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati