Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanga Qoraqalpog‘istondagi tergov hibsxonasidan murojaat kelib tushdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (Ombudsmanga) Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 2-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan ayblanuvchi A.A.ning sog‘lig‘i yomonlashgani bo‘yicha murojaati kelib tushdi. Mazkur murojaat bo‘yicha holatni joyiga chiqib o‘rganish uchun u Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy vakiliga yuborildi.

Mintaqaviy vakil Jeңisbay Shlimbetov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 6-mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi 2-son tergov hibsxonasiga borib, murojaatchi bilan uchrashdi.

Аniqlanishicha, murojaatchi A.A. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan ayblanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinib, 2-son Tergov hibsxonasida 2022 yil 28 yanvardan buyon saqlanmoqda.

Yurak kasalligi bo‘yicha uzoq yillardan buyon davolanib kelgan mahbusning so‘zlariga ko‘ra, qamoqqa olinganidan keyin sog‘ligi yomonlashgan va 2022 yilning 2 fevral kuni 2-son Tergov hibsxonasi tomonidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialida kardiolog va nevropatolog shifokorlari ko‘rigidan o‘tkazilgan. Ko‘rik natijasi bo‘yicha tegishli shifokorlar tomonidan ExoKS, FEM, bosh miya MRT-tekshiruvi va EEG tekshiruvidan o‘tkazilishi tavsiya etilgan.

Suhbatda mahbus bugungi kunda hibsxonaning tibbiy bo‘limida davolanayotganini maʼlum qilib, zarur ixtisoslashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tish uchun uning oilaviy sharoiti yo‘qligini bildirdi va mintaqaviy vakildan malakali tibbiy yordam uchun ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasida davolanishda amaliy yordam so‘radi.

Shuningdek, suhbat davomida 4 nafar farzandi borligini va 1 nafar o‘g‘il farzandi ko‘z kasalligiga chalinganligini aytib, farzandini davolatishda amaliy yordam so‘radi. Suhbatda murojaat muallifi ushbu tergov hibsxonasidagi shart-sharoitlardan va u yerdagi xodimlarning harakatlaridan noroziligi yo‘qligini bildirdi.

Mintaqaviy vakil ko‘magida murojaatchi A.A. ixtisoslashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialiga olib borildi va tashxis qo‘yildi.

Ayblanuvchi bugungi kunda 2-son Tergov hibsxonasining davolash-profilaktika yordamini ko‘rsatish bo‘limida davolanmoqda.

Shuningdek, uning 6 yoshli farzandi ko‘z kasalligi bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limida shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Ko‘rik natijasida shifokorlar tomonidan bemorni operatsiya qilish kerakligi xulosasi berildi. Hozirda bemorning oilaviy sharoiti inobatga olinib, uni mazkur muassasada bepul operatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (Ombudsman) Axborot xizmati