Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil choralarni qo‘llash masalalari muhokamalar markazida
2022 yilning 25 mart kuni “City Palace Hotel Tashkent” mehmonxonasi majlislar zalida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy sud, “Xalqaro qamoqxonalar islohoti” xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, YEXHTning O‘zbekiston va Tojikistondagi loyihalari koordinatori, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakilligi, BMTning O‘zbekistondagi giyohvand moddalari va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda Qirg‘iziston, Tojikiston O‘zbekiston va Qozog‘istonda ozodlikdan mahrum qilishning muqobil choralarini qo‘llash bo‘yicha mavjud amaliyotni o‘rganishga bag‘ishlangan mintaqaviy konferensiya o‘tkazildi.

 “Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda huquq ustuvorligini mustahkamlash” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro konferensiyani tashkil etishdan maqsad har bir mamlakatda ozodlikdan mahrum qilishning muqobil choralarini qo‘llash bo‘yicha mavjud amaliyotni o‘rganish va tajriba almashishdan iborat.

Qayd etish lozimki, “Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda huquq ustuvorligini mustahkamlash” loyihasi 2021 yildan eʼtiboran amalga oshirilib, uning doirasida jinoiy jazo tayinlashning uslubiy asoslarini shakllantirish, muqobil jazo choralari va ularni qo‘llash, jinoiy sud ishlarini yuritishda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoiy javobgarlik tayinlash bo‘yicha sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari va Ombudsman xodimlari uchun Respublikamizning turli hududlarida mintaqaviy tadbirlar o‘tkazildi va uslubiy tavsiyalar yaratish bo‘yicha ishlar tashkil etildi va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

100 ga yaqin xalqaro va mahalliy ekspertlar qamrab olingan xalqaro konferensiyada Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari, Yoshlar Parlamenti aʼzolari, OAV vakillari hamda xalqaro tashkilotlardan BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Turkmaniston va Qozog‘iston davlatlari Ombudsmanlari hamda inson huquqlarini taʼminlash sohasida faoliyat yurituvchi davlat organlari vakillari ishtirok etishdi.

“Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda huquq ustuvorligini mustahkamlash” loyihasi yakunlariga bag‘ishlangan mazkur konferensiyaning Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan O‘zbekistonda tashkil etilgani ham mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash yo‘nalishidagi islohotlarning amaliy natijasi sifatida ko‘rish mumkin.

Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda sud-huquq tizimini isloh qilish, qolaversa, inson huquqlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni qo‘llash, probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratilganligini va bu orqali probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilish holatlarining kamayishiga erishilayotganligini taʼkidlab o‘tishdi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 2021 yilda ko‘rilgan jinoyat ishlarida jami mahkumlarining 71 foiziga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari qo‘llanilgan.

Xalqaro konferensiyada qayd etilishicha, ozodlikdan mahrum qilish - eng ko‘p ishlatiladigan jazo turlaridan bo‘lib, uni qo‘llash qator salbiy holatlarni, jumladan, mahkum oilasining moddiy ahvoliga, oilalarning parchalanishiga, shuningdek, shaxslarning jinoiy xatti-harakatlarga oid ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga, jinoyatning takrorlanishiga olib kelishi mumkin.

Tadbir davomida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston davlatlarining ushbu sohaga aloqador mutaxassis-ekspertlarining maʼruzalari eshitildi.

Taʼkidlanishicha, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari bo‘yicha chiqarilgan sud hukm(ajrim)larining ijrosini taʼminlash maqsadida mahkumlar jinoyatlarning xususiyati, ijtimoiy xavflilik darajasi shuningdek, mahkumlarning shaxsi va xulq-atvoriga alohida eʼtibor qaratish lozim. Shuningdek, nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir qilinishining oldini olish uchun ijtimoiy moslashtirish va kasb-hunarga yo‘naltirish borasida ishlash talab etiladi.

Xalqaro konferensiya o‘z ishini seksiyalarga bo‘lingan holda olib bordi. Unda sud ishlarini yuritishda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil choralarni qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajriba, amaliyot va qonunchilik, jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar huquqlarini taʼminlanishida Ombudsmanning o‘rni mavzulari muhokama etildi.

Shu kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovaning Qirg‘iziston Respublikasida yangi Ombudsman sifatida tayinlangan Atir Abdraxmatova bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zaro muloqot davomida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, migrantlarning fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini taʼminlanishiga ko‘maklashish kabi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati