Murojaatchining yozishicha, maktab direktorining tarbiyaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari o‘quvchilar oldida o‘qituvchilarga qo‘pol munosabatda bo‘lib keladi, xattoki o‘qituvchilarga qo‘l ko‘targan holatlar ham uchragan. Mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotga qilingan murojaatlar biror bir natija bermagach, fuqaro B.Sh. Ombudsmanga murojaat qilgan.
Ushbu murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, o‘rganilishi natijasida direktor o‘rinbosari G.Sh.ning murojaatchi B.Sh.ga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib kelganligi, odob-ahloq qoidalariga to‘liq amal qilmaganligi aniqlandi. Mazkur holat bo‘yicha direktor o‘rinbosari G.Sh.ga nisbatan tuman Xalq taʼlimi bo‘limi mudirining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Qayd etish lozimki, bu kabi holatlar mamlakatimizda taʼlim sohasida olib borilayotgan davlat siyosatiga to‘g‘ri kelmaydi. Mamlakatimizda mazkur sohada o‘qituvchilarning nufuzi va maqomini oshirish, ularning professional faoliyat bilan shug‘ullanishlariga yana-da keng sharoit yaratib berishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hattoki, o‘qituvchining maqomi alohida xujjat bilan mustahkamlab qo‘yilishi borasida ishlanmoqda. Chunki, barkamol, zakovatli va salohiyatli yosh avlodni shakllantirish eng avvalo, o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shunday ekan, o‘qituvchilarni hurmat qilish va ularni qadriga yetish oliy maqsadimiz bo‘lsin.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati