Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari amalga oshirildi
Maʼlumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yana-da kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yil 26-iyunda “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5163-son qarori imzolangan.

Ushbu qarorga ko‘ra,Ombudsman hamda uning huzurida tuzilgan qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam ravishda monitoring tashriflarini amalga oshirish belgilangan.

Qayd etilganlarga ko‘ra hamda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanayotgan joylarda ushlab turilgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarining taʼminlanganlik holatini o‘rganish maqsadida joriy yilning 15-16 aprel kunlari Ombudsman Feruza Eshmatova, uning Kotibiyati masʼul xodimlari hamda Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili Jenisbay Shlimbetovva Jamoatchilik guruhlari vakillari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bir qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Ikki kunlik monitoring tashrifi Nukus shahridagi 2-son Tergov hibsxonasidan boshlandi. Ushbu hibsxona ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan ayblanuvchilar va sudlanuvchilarni saqlash uchun mo‘ljallangan. Umumiy sig‘imi 350 nafar shaxsga mo‘ljallangan. Tashrif kuni 252 nafar shaxs saqlanayotganligi maʼlum bo‘ldi. Tashrif davomida, qamoqqa olingan ayblanuvchi va sudlanuvchilarni saqlash sharoitlari, qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tibbiyot bo‘limi hamda ularning yashash joylari ko‘zdan kechirildi.

Monitoring davomida, mahkumlarga oziq-ovqat taʼminoti Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan meʼyorlar talablari asosida berilayotganligi va oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanish holatlari ham alohida o‘rganildi.

Tergov hibsxonasiga amalga oshirilgan monitoring tashrifi davomida u yerda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy tartibda suhbatlar o‘tkazilib, saqlanayotgan shaxslarning shart-sharoitlar haqidagi fikrlari eshitildi. Tashrif yakunida esa, saqlanayotgan ayrim shaxslar bilan ularning hoxishiga ko‘ra Ombudsman tomonidan “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq holi tarzda suhbatlar o‘tkazildi.

Ombudsman boshchiligidagi monitoring tashrifi ishtirokchilarining keyingi manzili, Nukus shahridagi 1-sonli Ruhiy-asab kasalliklari dispanseri bo‘ldi. Ushbu dispanserga amalga oshirilgan tashrif davomida ham asosiy eʼtibor bemorlarga yaratilgan shart-sharoitlar va ularning qonuniy huquqlari taʼminlanishiga qaratildi.Ushbu dispanserda tashrif kuni 396 nafar bemor davolanayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Tashrif davomida, mazkur muassasada davolanayotgan bemorlarni oziq-ovqat bilan taʼminlovchi autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkor tomonidan belgilangan meʼyorlar asosida va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari berilayotganligi o‘rganildi hamda zaruriy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, ushbu dispanserga amalga oshirilgan monitoring tashrifi davomida dispanser rahbariyatiga bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi bo‘limida xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda bolalar o‘yingohi tashkil etish yuzasidan tavsiya berildi.

Ikki kunlik tashrif davomida, Nukus shahridagi Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlashga mo‘ljallangan maxsus qabulxona, Nukus shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmasining Vaqtincha saqlash hibsxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy filiali, shuningdek Qo‘ng‘irot tumanida joylashgan 28 va 27-son Manzil-koloniyalariga ham monitoring tashriflari amalga oshirildi.

O‘rganish yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli muassasa rahbariga zaruriy tavsiyalar berildi.

Qayd etish lozimki, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijalari Vakilning Oliy Majlis palatalariga  taqdim etadigan yillik axborotida aks etadi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati