Jumladan, mahkum B.O. murojaat qilib, shaxsiy va oylik maoshlarini undirishda yordam so‘radi. Aniqlanishicha, murojaatchi avval Navoiy shahar 11-son jazoni ijro etish muassasasida saqlangan. U Bo‘ka tumanidagi mazkur muassasaga o‘tkazilganda oylik maoshlarini ololmagan. Mazkur murojaat mintaqaviy vakil nazoratiga olinib, mahkum B.O.ning 4 mln so‘mga yaqin shaxsiy va oylik ish haqlari Ombudsman kotibiyati masʼul xodimlari yordamida Bo‘ka tumani hududidagi 43-son manzil koloniyasiga o‘tkazib berildi.
Shuningdek, mahkum R.Z. jigar-buyrak yetishmovchiligi, jigar serrozi bilan kasallanganligini, 3 marotaba Bo‘ka tumanidagi infeksion kasalxonada davolanganligini qayd etdi. Lekin, shunga qaramay ahvoli og‘irlashib borayotgani va oilaviy sharoiti og‘irligi sababli, yo‘llanma orqali (order) Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida davolanishida amaliy yordam so‘radi.
Mahkum Z.R. murojaati bo‘yicha Toshkent viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga Mintaqaviy vakil tomonidan rasmiy xat yuborilib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi yordamida mahkum Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti filiali hisoblangan Chirchiq shahridagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati