Murojaatchining yozishicha, u oila aʼzolari bilan noqulay sharoitda yashab keladi. Qonunchilik normalarida Chernobil halokatidan ziyon ko‘rgan O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarga pul kompensatsiyalari va imtiyozlar nazarda tutilgan bo‘lishiga qaramay, uning uy-joy xarid qilish bo‘yicha subsidiya ajratish haqidagi murojaati ijobiy hal etilmagan.
Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, o‘rganilishi natijasida fuqaroning shu masalada bir necha yildan buyon tegishli idoralarga murojaat qilayotgani hamda uning murojaatini ko‘rib chiqishda tegishli normativ hujjatlar meʼyorlariga to‘liq amal qilinmaganlik holatlari aniqlandi.
Shundan so‘ng fuqaro murojaatini qonunchilik asosida ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli davlat idoralariga murojaat qilindi. Natijada 2-guruh nogironi, Chernobil AES qatnashchisi bo‘lgan fuqaro M.N.ga uy-joy xarid qilishi uchun subsidiya ajratildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati