Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Davlat ishlarini yuritishda ishtirok etish huquqi va BMTning yetakchi prinsiplari
Joriy yilning 23 -24 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakilligi bilan hamkorlikda “Davlat ishlarini yuritishda ishtirok etish huquqi va BMTning yetakchi prinsiplari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Kotibiyati xodimlari va Ombudsman mintaqaviy vakillari uchun tashkil etilgan mazkur seminarning asosiy maqsadi davlat organlari xodimlarining davlat boshqaruvida ishtirok etish huquqi bo‘yicha samarali ishtirokini kafolatlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish imkoniyatlarini shakllantirish va bu borada fuqarolik jamiyati vakillari bilan ishlash bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashdan iborat.

Seminarda trener sifatida ishtirok etgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Jenevadagi inson huquqlari va demokratiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Xernan Uelsning so‘zlariga ko‘ra, davlat boshqaruvida ishtirok etish huquqi inson huquqlarini ilgari surishga yordam beradi. U demokratiya, qonun ustuvorligi, ijtimoiy integratsiya va iqtisodiy o‘sishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

BMTning yetakchi prinsiplariga ko‘ra, fuqarolarga saylov jarayonlarida ishtirok etish uchun teng sharoitlar yaratish va erkin ovoz berish huquqini taʼminlash zarur. Qolaversa, aholiga kerakli axborotni taqdim etish, jurnalist va fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish juda muhim.

Tadbirda qayd etilishicha, O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning, davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni taʼminlashning, shuningdek, islohotlar natijadorligini oshirishning muhim vositasi sifatida“Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oya asosida davlat, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlarining tizimli muloqotini yo‘lga qo‘yish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda. Aynan mazkur maʼlumotning o‘zi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar BMTning yetakchi prinsiplariga muvofiq ekanligini bildiradi.

Qolaversa, Ombudsman institutining fuqarolik jamiyati institutlari va OAV bilan hamkorligi, ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, hozirgacha O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan. Bu bilan mamlakatimiz inson huquqlarini hurmat qilish, himoya qilish va bajarish majburiyatlarini olgan.

Seminar-trening davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari haqida to‘liq maʼlumot berildi.

O‘zaro savol-javob va qiziqarli interaktiv o‘yinlar orqali tashkil etilgan 2 kunlik seminar yakunida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Kotibiyati xodimlari va Ombudsman mintaqaviy vakillariga sertifikatlar topshirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati