Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Sirdaryodagi mintaqaviy vakili ishtirokida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi
2022 yilning 1 yanvaridan eʼtiboran doimiy asosda ish boshlagan Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) mintaqaviy vakillariga fuqarolar murojaatlari bilan ishlash hamda qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflarini olib borish bilan birga aholi o‘rtasida huquqiy-targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish vazifasi ham yuklatilgan.

Shundan kelib chiqib Ombudsmanning mintaqaviy vakillari joylarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish va ularni himoya qilish sohasidagi axborot-maʼrifiy ishlarni mahalliy davlat hokimiyati organlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda amalga oshirib kelishmoqda.

Xususan, 2022 yilning 20 may kuni Ombudsmanning Sirdaryodagi mintaqaviy vakili, Viloyat hokimligi bilan hamkorlikda Boyovut tumani, “Iftixor” mahallasi hamda Shirin shahar, “Farhod” mahallasida targ‘ibot tadbiri amalga oshirildi.

Tadbirda so‘z olgan Ombudsmanning Sirdaryodagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov mamlakatimizda insonning huquq va erkinliklarini har tomonlama taʼminlash, jumladan,  qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish, jazo turlarini liberallashtirish, gender tengligini taʼminlash, qiynoqlarni oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, so‘z erkinligini mustahkamlash qolaversa, insonparvarlik tamoyili asosida yo‘ldan adashganlarga yana bir imkon berish hamda ularni jamiyatga moslashtirish borasida amalga oshirilgan salmoqli ishlarga alohida to‘xtaldi.

Shuningdek, fuqarolarga Ombudsman faoliyati, vakolatlari, murojaatlar bilan ishlash tartibi haqida ham batafsil maʼlumot berildi.

Targ‘ibot tadbirida Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari I.Muminov hamda  viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i N.Tojiboyevalar tomonidan ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni murosaga keltirish va oilasini tiklash bo‘yicha alohida suhbatlar ham olib borildi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati