Qayd etish lozimki, Ombudsmanga yuborilayotgan fuqarolar murojaatlari tahlili aholining mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, ayollar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan huquq va imtiyozlardan bexabar ekanliklarini ko‘rsatdi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman instituti tomonidan murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilindi va aholining huquqiy xabardorligini oshirishga zarurat bo‘lgan sohalar tanlab olindi.
“Ombudsman maktabi” loyihasini amalga oshirishdan maqsad –aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishdan iborat.
Buxoro viloyati, Vobkent tumani “Istiqlol” MFY faollari uchun tashkil etilgan ilk "Ombudsman maktabi" tadbiri 2-sonli maktabda tashkil etildi.
Tadbirda so‘z olgan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, “Ombudsman maktabi” doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda tegishli davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va NNT vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari jalb etilishini qayd etdi.
- O‘zaro muloqotlar davomida tanlangan sohalar va masalalar bo‘yicha faoliyat yuritadigan vakolatli davlat organlariga asoslantirilgan murojaatlarni kiritish va ularni ko‘rib chiqish tartibi bo‘yicha aholining huquqiy madaniyati oshiriladi. Bu esa fuqarolarga amaliy va manzilli yordam ko‘rsatishda davlat organi va aholi o‘rtasida konstruktiv aloqalarni o‘rnatilishiga xizmat qiladi.
Ombudsman maktablari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili va uning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan muntazam ravishda respublika bo‘ylab tashkil etiladi, imkon doirasida har bir mahallaga kirib, fuqarolar taklif hamda muammolari o‘rganiladi va tahlil qilinadi.
Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan ilk tadbir sog‘liqni saqlash sohasiga bag‘ishlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova fuqarolarga sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan islohotlar, aholiga yaratilgan qulayliklar va imtiyozlar, fuqarolarning kafolatlangan tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi hamda sohada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni haqida maʼlumot berdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nodira Egamberdiyevaning “Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirishda gender tenglik va oila masalalarining ahamiyati: yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar” mavzusidagi chiqishi orqali foydali maʼlumotlarga ega bo‘lishdi.
Shundan so‘ng, Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynova fuqarolarga murojaatlar bilan ishlash va yopiq muassasalarga amalga oshirayotgan monitoring tashriflari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Ombudsman mintaqaviy vakiliga murojaat qilish usullariga ham to‘xtaldi.
O‘zaro savol javob va erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda navbatdagi Ombudsman maktablarida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar bo‘yicha ham takliflar olindi.
Shu kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va uning Buxorodagi mintaqaviy vakili ishtirokida fuqarolar qabuli ham tashkil etildi.
Tadbirda so‘z olgan mahalla raislari ham inson huquqlarini taʼminlashda aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning muhimligiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, bu kabi tadbirlarni o‘tkazishda Ombudsman instituti bilan hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati