Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bayram tabrigi
Aziz do‘stlar, bolalar, yosh avlod! Sizlarni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan chin qalbdan muborakbod etaman. O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha bolalarga yaʼni bolalarimga avvalambor mustahkam sog‘lik va bag‘ri butunlik tilayman. Doim ota-onalari bag‘rida bo‘lishsin va  ularning qaynoq muhabbatiga to‘yishsin. Davlatning himoyasida ekanliklarini har dam his qilishsin hamda ko‘zlari baxtdan doim yonib tursin.

Yurtimiz ko‘chalari ularning sho‘x-shodon kulgulari bilan to‘lib toshsin. Hech bir bolaning huquqlari poymol etilmasin va ular kamsitilmasin.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda bola huquqlari va manfaatlarini taʼminlash, ularga yorqin kelajak barpo etish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish borasida tinimsiz ishlanmoqda va yutuqlarimiz ham salmoqli.

Darhaqiqat, ushbu bayramining maqsadi keng jamoatchilik diqqatini bolalarning yuzida tabassumni ko‘rish, ularning baxti-iqboli, ularning huquqlarini himoya qilishga, baxtli bolalikka ega bo‘lishlariga va o‘z mamlakatining to‘la-to‘kis va xotirjam fuqarosi bo‘lib o‘sishlariga qaratishdir.

Shunday ekan, ushbu bayram bizning bolalar oldidagi masʼuliyatimizni yana-da oshirib, uning yashash, taʼlim olish, dam olish va bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish bilan bog‘liq huquqlarini taʼminlash, ularni turli xil jismoniy va psixologik zo‘ravonliklardan, majburiy mehnatdan himoya qilish zarurligini eslatib turadi. Zero, bola huquqlarini taʼminlash va kafolatlash insonparvar va adolatli jamiyatni shakllantirish uchun zarur shart-sharoit sifatida namoyon bo‘ladi..

Aziz bolalarim bayram muborak bo‘lsin, barcha ishlaringizga omad va ulkan zafarlar, hayotingizga esa baxt, quvonch va sog‘lik tilab qolaman! Kattalarning eʼtibori va g‘amxo‘rligi, mehri va qaynoq tafti doimo hamrohingizga aylansin.

 Aliya YUNUSOVA

Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar Ombudsmani)