Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Sirdaryodagi mintaqaviy vakili tumanlarda sayyor qabullar tashkil etmoqda
2022 yil 30 may kuni Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi bilan hamkorlikdagi navbatdagi fuqarolar sayyor qabuli Viloyatning Oqoltin tumanida o‘tkazildi. Unda Ombudsmanning Sirdaryodagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi mehnat huquqi inspektori Shirinxan Umaraliyeva hamda Oqoltin tumani mahalla bo‘limi boshlig‘i Alisher Ibodullayevlar fuqarolar murojaatlarini qabul qilishdi.

Sayyor qabul davomida tumanda yashayotgan jami 15 nafarga yaqin fuqarolar qabul qilinib, shundan 10 nafariga huquqiy tushuntirishlar berildi. 3 nafar fuqaroning murojaati joyida hal etildi.

Jumladan, Oqoltin tumani, “Bo‘ston” MFYda yashovchi fuqaro H.T. mehnat huquqlarini tiklash bo‘yicha murojaat qildi. Aniqlanishicha, murojaatchi “Bo‘ston” mahallasida harbiy yo‘riqchi vazifasida ishlagan, lekin u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ikki yillik foydalanilmagan mehnat taʼtillari uchun pullik kompensatsiya to‘lab berilmagan. Darhol tegishli idora vakillariga murojaat qilinib, fuqaroga ikki yillik foydalanilmagan taʼtillari uchun pullik kompensatsiya to‘lab beriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, Oqoltin tumani, Sahovat MFYda ijarada yashovchi S.X. voyaga yetmagan farzandiga nogironlikni belgilash bo‘yicha murojaat qildi. Murojaatchiga huquqiy tushuntirish berilib, nogironlik guruhini belgilanishi uchun tuman tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga (TMEK) yuborildi.

Oqoltin tumani, “Ko‘rkam diyor” MFYda yashovchi 2 guruh nogironi R.K.ning davolanishi uchun moddiy yordam ajratish bo‘yicha murojaati ham mintaqaviy vakil nazoratiga olindi.

Maʼlumot uchun: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuxrat Alimovning fuqarolar qabuli har haftaning dushanba va juma kunlari soat14:00 dan 17:00ga qadar o‘tkaziladi.

Manzil: Guliston Sh., I.Karimov ko‘chasi, 35-uy

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati