Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Konstitutsiyaviy sud, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi, Bosh prokuratura Akademiyasi; Qurolli Kuchlar Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Davlat Bojxona qo‘mitasi, Bojxona instituti, Jamoat xavfsizligi universiteti professor – o‘qituvchilari, tarkibiy bo‘lim xodimlari, magistrlari, kursant va talabalari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda taʼkidlanishicha milliy taraqqiyotimizning yangi islohotlar bosqichida xalqchil O‘zbekistonni barpo etish jarayonida inson, uning huquq va erkinliklari, uning manfaatlarini himoya qilish amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning markazida turuvchi eng ustuvor, davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan asosiy masalaga aylandi.
Maʼlumki, har bir davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy hayotida inson huquqi masalasi alohida ahamiyat kasb etib, u demokratik huquqiy davlatning eng muhim belgisi, demokratiyaning talablarini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos o‘lchov mezoni hisoblanadi.
Konferensiyada mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash sohasida amalga oshirilgan islohotlar, jumladan, 2020 yil 22 iyunda tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi hamda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”ning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z bordi.
Tadbirda Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova “O‘zbekistonda bola huquqini himoya qilishning dolzarb masalalari” mavzusida maʼruza qildi.
Uning taʼkidlashicha, bolaning eng yaxshi manfaatlarini taʼminlash, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Bugungi kunda respublika bo‘yicha 0-18 yoshgacha bo‘lgan jami 12,6 mln nafar voyaga yetmagan bolalar mavjud.
Shu bilan birga, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarni taʼlim-tarbiya internat muassasalariga joylashtirishni kamaytirish va oldini olish maqsadida bolalarni deinstitutsiyalashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi.
Mahalliy va milliy darajadagi siyosatni ishlab chiqishda bolalar va yoshlarni o‘z manfaatlariga taʼsir qiladigan qarorlarni qabul qilishda ularning fikrini inobatga olgan holda jalb qilish amaliyoti va mexanizmlarini kuchaytirish zarur, bu bolalar va yoshlarning jamiyatdagi ishtiroki uchun huquqiy bazani kengaytiradi. Bu, o‘z navbatida, tinglanish va jamoatchilik fikrini shakllantirishda ishtirok etish imkoniyatini beradi - dedi Aliya Yunusova.
Konferensiya yakunida inson huquqlariga doir turli ilmiy-amaliy yondashuvlar bilan bog‘liq tegishli fikr va mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirib o‘tildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati