Monitoring tashrifi davomida ushbu koloniyada mahkum va mahkumalarga yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Jumladan, intizomiy bo‘linma, yuvinish xonalari, mahkum va mahkumalarning yotoq joylari hamda oshxonalarning sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi holatlari ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng, koloniyalardagi uzoq muddatli uchrashuv xonalari, huquqiy, diniy va badiiy adabiyotlar bilan jamlagan kutubxonalar hamda mehnat qilish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun yaratilgan boshqa sharoitlar o‘rganildi.
Manzil-koloniyada saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan uzoq muddatli uchrashuv xonalari taʼmirlangan va barcha kerakli jihozlar bilan taʼminlangan.
Birinchi yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan davolash profilaktikasi va yordam ko‘rsatish bo‘limi ko‘zdan kechirilganda, dori-darmonlar bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlanmadi.
Shundan so‘ng koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum va mahkumalar bilan yakkama-yakka tarzdagi suhbatlar hamda jamoaviy uchrashuvlar o‘tkazildi va ularga murojaatlari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Monitoring davomida 10 nafar shaxsning murojaatlari qabul qilindi. Ushbu murojaatlarning ijrosi nazoratga olingan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati