O‘zaro muloqot davomida 2021 yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilarga yaratilgan sharoitlar va saylovchilarning siyosiy huquqlarini taʼminlashdagi Ombudsmanning o‘rni borasida o‘zaro fikr almashildi.
Taʼkidlanishicha, o‘tgan saylovda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ovoz berishlari uchun zarur qo‘shimcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda qator monitoringlar o‘tkazilib, saylov uchastkalari aʼzolariga tavsiyalar berilgan.
Ombudsman tomonidan saylash huquqiga ega bo‘lgan mahbus va mahkumlar o‘z huquqidan hech qanday moneʼliksiz foydalana olishlari uchun jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etilgan saylov uchastkalari ham o‘rganilgan.
Uchrashuvda shuningdek, Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish Milliy preventiv mexanizmi doirasida jamoatchilik guruhlari bilan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari, ularda fuqarolik jamiyati institutlari va OAVlarining ishtirok etayotgani ham qayd etildi.
Muloqotda O‘zbekiston Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha DIIHB missiyasining yakuniy hisobotida ilgari surilgan tavsiyalar haqida fikr almashildi. Suhbat davomida mehmonlar tomonidan ushbu tavsiyalar O‘zbekistondagi saylov qonunchiligi va uni tashkil etish tartiblarini xalqaro ilg‘or tajribalariga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Ouen Merfi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YEXHT DIIHB) delegatsiyasi rahbari
- O‘tgan yili O‘zbekistonda Prezidentlik saylovlari o‘tkazilgandan so‘ng ushbu jarayonlarni kuzatgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi o‘z hisobotini aprel oyida eʼlon qildi va unda 24 ta tavsiya o‘rin olgan. Bular tavsiya xalos. Uni eʼtiborga olish yoki olmaslik har bir davlatning o‘zi hal qiladi. Bizning hukumat taklifi asosida O‘zbekistonga tashrifimiz davomida tavsiyalarimizni birgalikda muhokama qilish ko‘zda tutilgan. Bugunga uchrashuvimiz davomida ham ushbu institutning faoliyati, uning saylov jarayonlaridagi ishtiroki, har bir fuqaroga ovoz berish huquqini taʼminlash bo‘yicha shart-sharoitlar yaratish yuzasidan fikr almashdik.
Albatta biz tavsiyalarimiz eʼtiborga olinayotganidan hursandmiz. Biz bundan buyon ham hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz.
Uchrashuvda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati