Uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) institutining qonunchilik asoslari mustahkamlangani, 2021 yilda uning faoliyatiga doir 2 ta Prezident hujjati qabul qilingani haqida so‘z bordi. Natijada Ombudsman faoliyatining institutsional asoslari mustahkamlangani, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolatlari kengaygani hamda hududlarda Ombudsman mintaqaviy vakillari doimiy asosda ishlayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, tinglovchilar Ombudsman boshchiligida jamoatchilik guruhlari hamda OAV bilan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari, ularda eʼtibor beriladigan jihatlar bilan ham tanishtirildi. Qayd etildiki, Ombudsmanning o‘z faoliyati davomida davlat organlari bilan hamkorligi juda muhim ahamiyatga ega. Shu kunga qadar Bosh prokuratura bilan ham inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, jumladan, murojaatlarni ko‘rib chiqish, sohada aniqlangan muammoli masalalarni hal etishda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuvda shuningdek, Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova ham aholidan kelayotgan murojaatlar tahlili asosida bola huquqlarining buzilishi bo‘yicha holatlarga to‘xtaldi. Shuningdek, bolalarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganish maqsadida amalga oshirgan monitoring tashriflari haqida ham so‘zlab berdi.
O‘zaro erkin muloqot shaklida o‘tgan tadbirda Akademiya tinglovchilarining bir qator savollariga javoblar berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati